Yozda pul topish yo‘llari: talabalar uchun g‘oyalar

5-iyul 2025 08:00 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Yozda pul topish yo‘llari: talabalar uchun eng qulay ishlar. Foto: Freepik

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab millionlab odamlar doimiy ish joyidan tashqari, mustaqil ravishda pul topishni tanlamoqda. Xususan, 2025-yil statistik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo ishchi kuchining qariyb yarmi, ya’ni 1,57 milliard kishi frilanser sifatida faoliyat yuritmoqda. Yozgi ta’tilda ko‘plab yoshlar va talabalar moslashuvchan ish imkoniyatini aynan frilans bozoridan izlaydi. Kursiv Uzbekistan ushbu maqolada talabalar yozda qanday daromad topayotgani va ularning tajribasi haqida so‘z yuritadi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Talaba yozda uydan chiqmasdan qanday ishlarni qilishi mumkin

Yozgi ta’tilda ko‘pchilik tashqariga chiqib ishlashni xohlamaydi. Ba’zilar uchun uy qulay, internet bo‘lsa yetarli, eng asosiysi, o‘z vaqtini mustaqil boshqarish va xavfsiz daromad topish imkoniyati bo‘lsa bo‘ldi. Ayniqsa, tarjima, kopirayterlik, kontent yaratish kabi sohalarda talabalar uydan chiqmasdan ham barqaror daromad oladi. Bunga Matluba Sodiqovaning tajribasi yaxshi misol bo‘la oladi.

Foto Matluba Sodiqovaning shaxsiy arxividan

Matluba Sodiqova — talaba, media tarjimon. U nafaqat yozgi ta’til paytida, balki butun yil davomida frilanser sifatida ishlaydi. Matluba onlayn TV platformalar bilan hamkorlik qilib, serial va kinolar uchun dublyaj matnlarini tarjima qiladi.

«Men Telegram kanallar, Yangi TV, Asilmedia.net sayti, Uzcont TV’lar bilan ishlaganman. Keyinchalik Click TV va Frame kabi onlayn platformalardan taklif oldim. Hozir esa Turkiyadagi «Towards eternity» YouTube kanali bilan ishlayapman. Asosan ingliz va turk tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilaman. Ssenariy matnini ishlab chiqaman – aktyorlar nima deyapti, qaysi sahnada nima bo‘layapti, barchasi aniq yoziladi», deydi u.

Matluba tarjimalarini, asosan, Microsoft Word va Subtitle Edit dasturlari orqali tayyorlaydi. Ish jarayonida yuzaga keladigan asosiy muammolardan biri — tarjimonning dublyaj jarayonida ishtirok etmasligi. Unga ko‘ra, kimki bunday matn tarjimasi bilan shug‘ullansa, studiyada yonma-yon bo‘lishi xatolarni kamaytiradi.

Matlubaning frilanser tarjimon sifatidagi faoliyati Upwork platformasi bilan bog’liq. Upwork frilanser sifatida ish boshlamoqchi bo‘lgan talabalar uchun qulay va ishonchli platformalardan biri. Unda tarjimonlik, kopirayterlik, IT, grafik dizayn, marketing kabi xizmatlarga talab yuqori bo‘lib, daromad ham boshqa platformalarga qaraganda balandroq bo‘ladi.

Bundan tashqari, platforma xavfsizlik darajasi jihatdan yuqori, har bir foydalanuvchi shaxsiy ma’lumotlarini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, ish beruvchi ishchini aldab keta olmaydi. Chunki barcha shartnomalar platformada rasmiylashtiriladi va bu ish haqining o‘z vaqtida tushishini kafolatlaydi. Ushbu jarayon mazkur platformaga bo‘lgan ishonchni yanada oshiradi. 

«Upwork’da ikki asosiy ish turi mavjud: biri – oylik asosida davomli ishlar, ikkinchisi – loyiha asosida vaqtinchalik ishlar. To‘lov tizimi ham turlicha: ba’zilari loyihaga ko‘ra, ba’zilari ish soatiga qarab, boshqalari esa haftalik yoki oylik asosda to‘laydi. Soatiga to‘lanadigan ishlar ko‘p holatlarda kamerada qayd etiladi».

Uning aytishicha, dastlab platformada ish topish oson emas: ko‘p ariza topshirish va sabr zarur. Bu uchun maxsus ball – connects sotib olinadi. Ariza topshirish uchun ham aynan ushbu ballardan foydalaniladi.

Platformada ishlashning qulayliklari ham yetarli. Masalan, ofisga borishga ehtiyoj yo‘q, ishni istalgan joydan turib bajarish mumkin. Ayniqsa, gavjum joylarda ishlashni yoqtirmaydigan, introvert talabalarga bu usul juda mos. Shuningdek, dollarda to‘lanadigan daromad milliy valyutadagi xarid qobiliyatini sezilarli oshiradi.

«Masalan, tarjimonlar, kopirayterlar va onlayn yordamchilar kuniga, ba’zan soatiga $5 dan $20 gacha topishadi. IT mutaxassislari esa soatiga $30 – 50 gacha oladi. Tanishlarim loyihaga qarab 10 – 15 kunlik ishga $1000 – 1500 gacha haq olishadi».

Matlubaning hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, sabr, qat’iyat va texnik ko‘nikmalar orqali har bir talaba uyda o‘tirib ham xalqaro darajadagi platformalarda dollarda daromad qilishi mumkin.

Kuryerlik – talabalar uchun vaqtinchalik pul topishning qulay tomoni 

Talabalar orasida eng ko‘p tanlanadigan vaqtinchalik ish turlaridan biri – kuryerlik. Bu ish turining asosiy afzalligi shundaki, qat’iy ish vaqti yo‘q, talaba o‘z dars jadvaliga qarab ishlash vaqtini belgilaydi. Shu bois yozgi ta’til paytida kuryerlik ko‘pchilik uchun tez va oson daromad topishning eng mos variantiga aylanadi. Quyidagi hikoyalar aynan shu tajribani ko‘rsatib beradi.

Dilshod Nuriddinov – talaba, Yandex platformasida kuryer. U deyarli bir yildan beri shu faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda. Uning ish kuni ertalab soat 10:00 da boshlanadi va kech soat 22:00 – 23:00 larda tugaydi. 

Foto Dilshod Nuriddinovning shaxsiy arxividan

«Bu ish menga yoqadi, chunki vaqtimni o‘zim belgilayman. Ochiq havoda ishlayman, ustimda hech kim turmaydi. Eng muhimi – yaxshi daromad bor», – deydi u.

Dilshod bir kunda o‘rtacha 20 – 25 ta buyurtma oladi va ularni egasiga skuterda yetkazib beradi.

Oylik daromadi 7-8 million so‘m atrofida, ammo bu miqdor bir necha omillarga bog‘liq: ishlanayotgan hudud, ob-havo va buyurtmalar soni. Shahar markazida buyurtmalar ko‘proq va narxlar baland, chekka hududlarda esa aksincha. Ob-havo og‘irlashgan sari, ayniqsa jaziramada yoki sovuqda, buyurtmalar qiymati ham oshadi.

«Yozda bu ishga talab oshadi. Chunki jaziramada ko‘pchilik kuryerlik qilishni istamaydi, ammo aynan shu paytda buyurtmalar ko‘payadi. Shuning uchun yozgi mavsum – daromad uchun ayni qulay payt», — deydi Dilshod.

Kuryerlikda bir qancha muhim jihatlar mavjud. Dilshodning ta’kidlashicha, transport vositasi va sog‘liq eng birinchi o‘rinda. Yozda uzoq vaqt issiqda harakat qilish jismoniy jihatdan og‘ir. Shu sababli, bu ishga kirishayotganlar sog‘lom bo‘lishi va imkon qadar ishonchli transport tanlashi zarur. Bundan tashqari, yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilish ham xavfsizlik uchun muhim.

«Har bir kuryer yo‘lda ehtiyot bo‘lishi kerak. Chunki har qadamda xavf bo‘lishi mumkin. Bu ishning eng katta afzalligi – moslashuvchanlik. Kim qancha vaqt ajrata olsa, shuncha ishlaydi», qo‘shimcha qildi u.

Dilshodning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kuryerlik – yozgi ta’tilni daromadli va foydali o‘tkazish uchun qulay yo‘l. Bu ish talabalarga mustaqil bo‘lish, vaqtni boshqarish va jismonan chiniqish imkonini beradi.

Shoxruxning kuryerlik tajribasi

Shoxrux Sodiqov ham yozgi ta’tilni sermahsul o‘tkazishni xohlaydigan talabalar uchun amaliy tajribasi bilan o‘rnak bo‘la oladi. U Yandex eats va Uzum tezkor xizmatlarida kuryerlik qilib, o‘zining mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lib kelmoqda.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

«Ikkala platformada ham ishlaganman. Har birining o‘ziga xos afzalliklari va farqlari bor. Masalan, Uzum Tezkor’da bonus tizimi kuchliroq. Haftasiga 100 ta buyurtma bajarsangiz, qo‘shimcha 200 ming, 150 ta bo‘lsa — 300 ming so‘m bonus beriladi. Yandex’da esa yangi kuryerni taklif qilsangiz va u 50 ta buyurtma bajargach, unga 500 ming so‘m mukofot beriladi», – deydi u.

Narx jihatidan ham farqlar mavjud: Uzum Tezkor har kilometr uchun 1800 so‘m, Yandex Eats esa 1700 so‘m to‘laydi. Shoxrux har kuni 4–6 soat ishlagan holda, o‘rtacha 180 – 220 ming so‘m ishlab topishini aytdi. Bu ishni u asosan velosipedda amalga oshiradi.

«Kuniga 10–12 ta buyurtma qilish mumkin. Dastlab oson tuyuladi, lekin 4–5 soat pedal bosishdan oyoqlar charchaydi. Ammo ushbu jismoniy faollik sog‘liq uchun foydali», – deya ta’kidlaydi Shoxrux.

Shoxruxga ko‘ra, kuryerlik yoz mavsumida ob-havo sharoitiga juda bog‘liq. Bahor va kuzda bu ish ancha qulay bo‘lsa, yozning jaziramasida yoki yomg‘irli kunlarda ish ancha og‘ir kechadi. Lekin aynan og‘ir ob-havo kutilmagan imkoniyatlarga ham yo‘l ochadi.

«Yomg‘irli yoki juda issiq kunlarda kuryerlar kamroq, buyurtmalar esa ko‘proq bo‘ladi. Bunday paytda qancha ko‘p ishlasangiz, daromad ham shuncha oshadi».

Kuryerlikning eng katta afzalliklaridan biri – erkinlik. Qachon ishlashni o‘zingiz belgilaysiz. Biroq platformada jadval tuzib, belgilangan vaqtda ishlamasangiz, reytingingiz pasayishi mumkin. Bu esa keyinchalik kamroq buyurtmalar olishga olib keladi.

Shoxruxning hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, yozda vaqtinchalik ish qidirayotgan talabalar uchun kuryerlik – harakatchan va moslashuvchan daromad manbai bo‘la oladi.

Kontent yozib daromad olish: qayerdan boshlash kerak

Kontent yaratish, kopirayterlik va blog yuritish — bularning barchasi yozda uydan chiqmasdan pul ishlashning eng qulay yo‘llaridan biri. Quyidagi hikoya esa aynan qanday boshlash va qanday qilib bu sohada o‘sish mumkinligini ko‘rsatadi.

Foto Ruxshona Nematovaning shaxsiy arxividan

Ruxshona Nematova — talaba, kopirayter, kontent yaratuvchisi. U bir yildan buyon ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadi, LinkedIn’da muntazam postlar yozadi, 2000 dan ortiq obunachisi bor. Bundan tashqari, Telegram’da shaxsiy blogi va yuritayotgan sahifalari ham mavjud.

«Yoz men uchun eng samarali mavsum. Boshqa davrlarda o‘qish bilan band bo‘lsam, yozda o‘zim yoqtirgan sohamga to‘liq e’tibor qarataman», – deydi Ruxshona.

U yozni yil bo‘yi aniqlagan kamchiliklari ustida ishlash, bartaraf etish, yangi narsalarni o‘rganish va tajriba orttirish uchun eng qulay vaqt deb hisoblaydi.

Ruxshonaning fikricha, bu sohaga qadam qo‘yayotganlar, eng avvalo, Telegram’da uzun postlar yozish orqali kopirayterlikni boshlashlari mumkin. Kontent yaratishda esa Instagram ommaga chiqish uchun tezroq imkoniyat beradigan platforma.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu sohalarni boshlang‘ich darajada egallab, daromad olishgacha bo‘lgan vaqt 2–3 oy atrofida. Bu sohaga kirganlarning tajribasi ortgan sayin, kontent ham sifatli, daromad esa barqaror bo‘lib boradi. Shuningdek, o‘z mutaxassisligiga yaqin yo‘nalishda ishlash ham foyda keltiradi. Masalan, tibbiyotda o‘qiyotgan talabalar shu sohada kontent yozsa, yanada ishonchli va ta’sirchan bo‘ladi.

«Kontent yaratish va kopirayterlikda eng muhimi — muntazamlik. Kamida ikki kunda bir marta post yozish kerak. Dastlab ko‘p ko‘rilmasligi tabiiy, ammo bu vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi», — deydi u.

Yoz fasli Ruxshona uchun moliyaviy jihatdan ham sermahsul. Yoz kontent yaratish orqali o‘rtacha 5–6 million so‘m, kopirayterlik orqali esa 3–4 million so‘mgacha daromad olish imkonini beradi. Bu raqamlar soha vakilining tajribasi, til bilish darajasi va ishlash hajmiga qarab farq qiladi. Ayniqsa, yozda ishga to‘liq vaqt ajratish imkoni borligi sababli, daromad ham oshadi.

Ruxshona yangi boshlovchilarga shunday maslahat beradi:

«Nimadir qiziq tuyulsa, qo‘rqmasdan qilish kerak. Har bir loyiha orqali o‘zingizni sinang. Agar bir-ikki loyiha yoqmasa ham, bu sizga mos emas degani emas. Kamida 10–15 ta loyihada o‘zingizni sinab ko‘ring — shundagina bu yo‘nalish siz uchunmi yoki yo‘q, aniq bo‘ladi».

Onlayn platformalarning afzalliklari va kamchiliklari

Frilanser sifatida ish boshlamoqchi bo‘lgan talabalar uchun eng mashhur va ishonchli platformalardan biri — Upwork. Bu sayt asosan tajribali va chet tilini biladigan mutaxassislar uchun qulay hisoblanadi. Upwork’da tarjimonlik, kopirayterlik, IT, grafik dizayn, marketing kabi xizmatlarga talab yuqori bo‘lib, daromad ham boshqa platformalarga qaraganda balandroq bo‘ladi. Ammo bunda birinchi buyurtmani olish biroz vaqt oladi: profilni mukammal to‘ldirish, portfelni tayyorlash va ko‘p ariza topshirish kerak bo‘ladi. Ariza topshirish uchun esa connects deb ataladigan maxsus ballarni xarid qilish zarur. Shu sababli, Upwork — sabrli, sifatli ish qiladigan va ingliz tilini kamida o‘rta darajada biladigan talabalar uchun eng to‘g‘ri tanlov bo‘la oladi.

Yana bir keng tarqalgan platforma — Fiverr. Bu sayt asosan ijodiy ishlar, kichik xizmatlar va tez bajariladigan topshiriqlar uchun ayni muddao. Fiverr’da ish qidiruvchi emas, balki frilanser o‘z xizmatini gig (xizmat e’loni) shaklida tayyorlab qo‘yadi — mijoz esa kerakli xizmatni izlab topadi. Bu yondashuv yangi boshlovchilar uchun qulay: raqobat kuchli bo‘lsa-da, original g‘oya va yaxshi tavsif bilan ajralib turish oson. Fiverr ayniqsa dizaynerlar, kontent yaratuvchilar, ovoz yozuvchilar, logotip chizuvchilar va boshqa kreativ yo‘nalishdagilar uchun mos platforma sanaladi. Eng katta afzalligi — kichik loyihalar tez bajariladi va natijada tez pul topish imkoniyati bo‘ladi.

Uchinchi mashhur sayt — Freelancer.com. Bu platforma ko‘plab sohalarni qamrab oladi: IT, tarjima, muhandislik, veb-dizayn, data entry, SEO, marketing va hatto virtual yordamchilik. Har kuni minglab yangi ish joylanadi, shu sababli yangi boshlovchilar uchun ish topish imkoniyati katta. Biroq Freelancer’da ham raqobat yuqori — birinchi mijozni jalb qilish uchun ko‘pincha xizmat narxini arzonroq belgilash va o‘zingizni yaxshi taqdim eta olish talab qilinadi. Bu sayt tajribasini oshirish uchun turli sohalarda o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan talabalar uchun mos tushadi.

Umuman olganda, frilans sohasida kamroq jismoniy mehnat bilan yuqoriroq daromad topish mumkin, ammo bu uzoq muddatli strategiya, texnik bilim va til ko‘nikmalarini talab qiladi. Kuryerlik esa qisqa muddatda tez daromad uchun samarali bo‘lsa-da, jismoniy mehnat va ob-havo kabi omillarga bog‘liq.

Qaysi yo‘nalishni tanlash kerak

HeadHunter Uzbekistan platformasining so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, bugungi ish bozori tobora moslashuvchan bo‘lib bormoqda. Aholining atigi uchdan bir qismi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgani, qolganlari esa sohasini butunlay o‘zgartirgan yoki diplomdagi bilimlarini faqat qisman ishga solayotgani bunga misoldir. Bu esa ko‘pchilik uchun yozgi frilans ishlar, vaqtinchalik loyihalar va yangi yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rish imkoniyatini yanada dolzarb qilmoqda.

Shuningdek