Aslida rus tili bizga muhtoj emas, biz unga muhtojmiz – Sadir Japarov

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rus tilining rasmiy maqomini o‘zgartirish takliflarini tanqid qildi va bu g‘oyani xato deb atadi. Bu haqda «Ria Novosti» ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, rus tili Qirg‘iziston konstitutsiyasida rasmiy til sifatida mustahkamlangan bo‘lib, xalqaro muloqot va taraqqiyot uchun muhim ahamiyatga ega.
Japarov intervyusida: «Aslida rus tili bizga muhtoj emas, biz unga muhtojmiz», – deya ta’kidladi. U, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rus tilini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirganini eslatdi. Yana qo‘shimcha qilishicha, hatto qo‘shni davlatlar – O‘zbekiston va Tojikistonda ham rus tili muhim aloqa vositasi hisoblanadi.
Davlat rahbari rus tilining nafaqat MDH, balki Yevropa, Amerika va Xitoyda ham faol qo‘llanilishini ta’kidladi.
«Albatta, birinchi navbatda ona tilimizni rivojlantirishimiz kerak, lekin rus va ingliz tillarini bilish ham zarur. Bugungi yoshlar 3-4 tilda so‘zlashmoqda, bu esa ularni butun dunyo bilan erkin muloqotga olib chiqadi», – dedi Japarov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjonda rus maktablari bosqichma-bosqich yopilishi haqida yozgan edik.