Yangiliklar

Samarqand qog‘ozi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

Uning tarixi VIII asrga borib taqaladi
Samarqand qog‘ozi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi / Foto: Livemaster

Samarqand qog‘ozi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tegishli hujjat Samarqand viloyati adliya boshqarmasi va Intellektual mulk markazi tashabbusi bilan tayyorlangan. Qaror Samarqand qog‘ozini hududiy brend sifatida qonuniy himoya qilishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda Samarqand qog‘ozi mahalliy miniatyura ustalari va xattotlar tomonidan keng qo‘llaniladi. Shuningdek, Yaponiyadagi qadimiy qo‘lyozmalarni restavratsiya qilishda ham ushbu mahsulotdan foydalanilmoqda.

Ma’lumot uchun, Samarqand qog‘ozi Markaziy Osiyoda ilk bor ishlab chiqarilgan, noyob va qadimiy hunarmandchilik mahsuloti hisoblanadi. U ilk bor 8-asrda, ya’ni 751-yilda Talas jangidan keyin Xitoydan o‘zlashtirilgan texnologiya asosida Samarqandda tayyorlana boshlagan. Bu tarixiy voqeadan so‘ng xitoylik qog‘oz ustalari asirga olinib, o‘z bilimlarini mahalliy hunarmandlarga o‘rgatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand noni geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan edi.