Texasdagi toshqinlarda halok bo‘lganlar soni 43 nafarga yetdi

AQShning Texas shtatidagi kuchli yomg‘ir va toshqinlar oqibatida kamida 43 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Hozirda o‘nlab odamlar, jumladan, sayyohlar, lager ishtirokchilari va mahalliy aholi bedarak yo‘qolgan. Qurbonlar orasida 15 nafar bola ham bor. Eng ko‘p zarar Kerr okrugida kuzatildi. Shuningdek, Travis okrugida 4 kishi halok bo‘lgan, 13 nafar kishi bedarak yo‘qoldi. Kendall okrugida esa yana 1 kishi vafot etgani aytilmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 52 nafar bo‘lishi ham mumkin. Ammo bu hozircha rasmiy tasdiqlanmadi.
Kuchli yog‘ingarchilik natijasida Guadalupe daryosi bo‘yida joylashgan hududlarga 38 sm gacha yomg‘ir yog‘di. 850 dan ortiq odam qutqarildi. Ba’zilar daraxtlarga osilib qolgan holda topilgan.
Kerrvill shahridagi Camp Mystic yozgi lagerida 27 nafar qiz yo‘qolgan. Ular 700 nafar qiz qatnashgan lager a’zolari bo‘lgan. Rasmiylar bedarak yo‘qolganlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.

Toshqinlar 5-iyul kuni ertalab boshlanib, daryo suvlari 9 metr balandlikka ko‘tarilgan. Kerr okrugi rasmiysi bu holatni hech kim kutmaganini aytdi.
Halok bo‘lganlarning 17 nafari, jumladan, 5 nafar bolaning shaxsi hozircha noma’lum. Milliy ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bir yilda yog‘adigan yomg‘irning yarmi bir kunda yog‘gan.
Heart O‘ the Hills lageri ham zarar ko‘rgan. Uning hammuassisi Jane Ragsdale vafot etgan. Ammo u yerda toshqin paytida bolalar bo‘lmagan.
Toshqin natijasida Comfort shaharchasida katta daraxtlar ag‘darilgan, yo‘llar to‘silgan, ko‘priklar va avtomobillar jiddiy zarar ko‘rgan. Ayrim mashinalar daryo oqimi bilan oqib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQShda qullikni bekor qilish haqidagi hujjat $12 mlnga sotilgani haqida yozgan edi.