Gadjetlar

Katta sig‘imli akkumulyatorga ega Ulefone Armor X16 va X16 Pro taqdim etildi

Ikkala modelda ham 6,56 dyuymli ekran o‘rnatilgan
Ulefone
10 360 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega Ulefone Armor X16 va X16 Pro taqdim etildi / Foto: Ulefone

10 360 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega yangi Ulefone Armor X16 va X16 Pro taqdim etildi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.

Ikkala modelda ham 6,56 dyuymli ekran o‘rnatilgan. Pro versiyada yangilanish tezligi 120 Gs, oddiy versiyada esa 90 Gs.

Armor X16 Pro modeli MediaTek Dimensity 6300 5G chipida ishlaydi. Unda 16 GB operativ va 256 GB doimiy xotira mavjud. Armor X16 esa MediaTek Helio G91 chipi bilan jihozlangan. U 12 GB operativ va 128 GB xotiraga ega.

Foto: Ulefone

Ikkala telefon ham tungi ko‘rish kamerasi bilan ta’minlangan. Pro versiyada asosiy kamera 64 MP, oddiy modelda esa 48 MP.

Armor X16 Pro modeli NFC moduli va maishiy texnikani boshqarish uchun infraqizil datchikka ham ega. Yangi smartfonlarning narxlari hozircha oshkor qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 Ultra kamerasi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.