
Xitoyning BYD kompaniyasi o‘zining ixcham BYD Seagull modelining yangilangan Free Edition versiyasini taqdim etdi. Bu haqda Kursiv Media xabar bermoqda.
Yangi model 405 kilometrgacha yurish masofasiga ega bo‘lib, ichki bezagi va xavfsizlik funksiyalari ham yaxshilangan.
Mashina e-Platform 3.0 bazasida ishlab chiqilgan. Narxi 78,8 ming yuanni (taxminan $10 ming) tashkil qiladi. U 55 kVt quvvatga ega motor bilan jihozlangan bo‘lib, 38,88 kVt·soatli akkumulyator 30 daqiqada 30 foizdan 80 foizgacha tez zaryadlanadi.

Salonda yorqin mato qoplamasi, yangi ikki rangli bezak va Type-A hamda Type-C quvvat portlari o‘rnatilgan. Barcha to‘plamlarda olti xavfsizlik yostig‘i va aqlli quvvat boshqaruvi mavjud.
12,8 dyuymli sensorli ekran DiLink 100 tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u ovozli boshqaruv va bulutli xizmatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Yuqori to‘plamlarda haydovchiga yordam beruvchi God’s Eye C kamerasi ham mavjud.
Kompakt shahar avtomobili hisoblangan Seagull uzunligi 3780 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2500 mm. Modelga talab katta: 2023-yil aprelidan beri 1 milliondan ortiq Seagull sotilgan. 2025-yilning besh oyida esa 233 ming dona mashina yetkazilgan.

Ma’lumot o‘rnida, BYD — Xitoyning yirik avtomobil va akkumulyator ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bo‘lib, elektr transport vositalariga ixtisoslashgan. Kompaniya 1995-yilda tashkil topgan va hozirda dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. BYD nafaqat yengil avtomobillar, balki avtobuslar va yuk mashinalari ham ishlab chiqaradi. Uning mashhurligi arzon, zamonaviy va ekologik toza modellari bilan bog‘liq. BYD mahsulotlari Xitoydan tashqari ko‘plab xorijiy bozorlar, jumladan Janubiy Amerika va Yevropaga ham eksport qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 15 ming dollarlik BYD Seal 06 DM-i avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.