
BYD kompaniyasi Xitoyda yangi BYD Seal 06 DM-i modelini rasman taqdim etdi. U 109 800 yuandan (taxminan $15 230) boshlanuvchi narxda sotuvga chiqdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Seal 06 DM-i past profil va silliq chiziqlarga ega. U Marine Aesthetics uslubida ishlab chiqilgan. Old qismida ingichka LED chiroqlar va teskari trapeziya shaklidagi panjara, yashirin eshik tutqichlari va orqada uzluksiz chiroq bloki joylashgan. Avtomobil o‘lchamlari 4850×1890×1505 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2 790 mm ga teng.

Uning aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti esa 0,284 Cd. Ichki qismda amaliy jihatlar alohida e’tiborga loyiq. Yukxona hajmi 670 litrni tashkil qiladi. Orqa o‘rindiqlar bukilganda esa 1 535 litrgacha kengayadi.

Mashinada sovitish va isitish funksiyalariga ega muzlatkich mavjud. Shuningdek, V2L texnologiyasi orqali u elektr manbai sifatida ham xizmat qila oladi. Bu esa tabiatda dam olishda qulaylik yaratadi.
Seal 06 DM-i wagon modelida BYD’ning beshinchi avlod gibrid tizimi ishlatilgan. Kirish darajasidagi versiya 1,5 litrli benzin dvigateli (74 kW) va 120 kW quvvatga ega elektromotor bilan jihozlangan. Bu avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 8,7 soniyada tezlanadi, 10,08 kVt/soat sig‘imdagi LFP batareyasi 80 km elektr yurish imkonini beradi.

Kuchliroq versiyada esa shu dvigatel bilan birga 160 kW quvvatli elektromotor o‘rnatilgan bo‘lib, tezlanish 7,7 soniyani tashkil etadi. Unga 18,71 kVt/soatli batareya o‘rnatilgan bo‘lib, 150 km elektr yurish masofasini ta’minlaydi. Batareyani 30 foizdan 80 foizgacha atigi 25 daqiqada zaryadlash mumkin. Avtomobilning 65 litrli yonilg‘i baki tufayli umumiy yurish masofasi 2 000 kilometrga yetadi.

Xitoyda universal kuzovli avtomobillar keng tarqalmagan bo‘lsa-da, yangi energiya transport vositalari segmenti rivojlanishi natijasida bu modelga bo‘lgan qiziqish ortmoqda. BYD Seal 06 DM-i wagon Yevropa bozoriga ham chiqarilishi rejalashtirilgan. Avvalroq Zeekr 001, Nio ET5 Touring, Denza Z9 GT kabi NEV wagonlar ham Yevropaga kirib kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Seagull 1 mln dona ishlab chiqarilgani haqida yozgan edi.