2024-yilda O‘zbekistondan Shengen vizasiga arizalar 26% ga oshdi

2024-yilda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Shengen vizasiga 58,6 mingdan ortiq arizalar topshirilgan. Bu 2023-yilga nisbatan 26,2 foizga ko‘proq bo‘lib, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida SchengenVisaInfo.com portalida qayd etilgan.
O‘tgan yili Yevropa mamlakatlari o‘zbekistonliklarga jami 51,6 mingta viza bergan. Bu 87,29 foizlik tasdiqlanish darajasiga teng.
Shu bilan birga, 9,2 mingdan ortiq ariza rad etilgan. Bu 2023-yilga nisbatan 1,2 mingtaga ko‘p.

Germaniya o‘zbekistonlik sayyohlar uchun eng ommabop yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda Berlindagi elchixona 19,3 ming ariza qabul qilgan. Ulardan 15,2 mingtasi tasdiqlangan, 3,8 mingtasi rad etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari Fransiya, Italiya va Bolgariya bo‘yicha ham faol ariza topshirgan. Eng ko‘p rad javobi esa Polshadan olingan – Varshava O‘zbekistondan yuborilgan arizalarning 69,2 foizini rad etgan.
2024-yilda O‘zbekistondan vizaga to‘langan yig‘imlar miqdori 4,7 million yevroga yetdi. Bu mablag‘ning qariyb 740 ming yevrosi keyinchalik rad etilgan arizalarga sarflangan.
2014-yildan buyon O‘zbekiston fuqarolari Shengen vizalari uchun umumiy hisobda 26 million yevrodan ortiq mablag‘ to‘lashgan. Faqat 2024-yilning o‘zida esa 4,7 million yevro sarflangan.
COVID-19 pandemiyasi davrida, ya’ni 2020 – 2022 yillar oralig‘ida arizalar soni keskin kamaygan – yiliga o‘rtacha 18,4 mingta ariza topshirilgan. Bu esa pandemiyagacha bo‘lgan davrga nisbatan 60 foizdan ko‘proq kamayishni anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya vizalarida apellyatsiya tartibi bekor qilingan edi.