Yangiliklar

Abituriyentlar uchun test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi

OTM
14-iyuldan 23-iyulgacha
Foto: Pixabay

2025/2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 14-iyuldan 23-iyulgacha o‘tkaziladi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi ma’lum qildi.

Test sinovlari har kuni ikki smenada tashkil etiladi: 1-smena soat 08:00 da, 2-smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan sinov boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin test o‘tkaziladigan hududga yetib kelishlari so‘ralmoqda.

Test sinovida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga my.uzbmb.uz platformasi orqali «Abituriyent ruxsatnomasi» berilmoqda. Ruxsatnomani yuklab olib, chop etish majburiy hisoblanadi.

Har bir abituriyent aynan ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenaga muvofiq test sinovida qatnashadi. Boshqa kunda, hudud yoki smenada test topshirishga ruxsat berilmaydi.

Pasport nusxasi yoki boshqa hujjat bilan kelgan hamda kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan abituriyentlarga ruxsatnomalar berilishi boshlangani haqida yozgandi.