Lifestyle

Apple Music so‘nggi 10 yildagi eng ko‘p tinglangan qo‘shiqlarni e’lon qildi

Birinchi o‘rinni Shape of You qo‘shig‘i egalladi
Apple Music
Foto: dittomusic.com

Apple Music striming xizmati o‘zining 10 yilligi munosabati bilan eng ko‘p tinglangan 500 ta qo‘shiqdan iborat reytingni e’lon qildi. Birinchi o‘rinni britaniyalik xonanda Ed Sheeranning Shape of You qo‘shig‘i egalladi.

Ushbu qo‘shiq 2017-yilda chiqqan bo‘lib, pop musiqalar toifasida butun dunyo bo‘ylab rekord darajada tinglangan. U ming kundan ortiq vaqt davomida kamida bir mamlakatning Top Songs chartida yetakchilik qilgan.

Ed Sheeran - Shape of You (Official Music Video)

Ikkinchi o‘rin Weekndning Blinding Lights qo‘shig‘iga nasib etdi. U Global Daily Top 100 reytingining eng kuchli o‘ntaligida 180 kundan ortiq vaqt turgan. Uchinchi o‘rindan esa Drakening God’s Plan qo‘shig‘i joy oldi. Bu trek Apple Music tarixidagi eng ko‘p tinglangan xip-xop qo‘shig‘i bo‘ldi.

Drakening yana 26 qo‘shig‘i 500 talik ro‘yxatga kirdi, ulardan 9 tasi birinchi yuztalikda joylashgan.

To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarda Post Malone ijrosidagi Sunflower va Rockstar qo‘shiqlarini ko‘rish mumkin. Kuchli o‘nlikni quyidagi qo‘shiqlar yakunlaydi:

  • One Dance – Drake;
  • Sicko Mode – Travis Scott;
  • Perfect – Ed Sheeran;
  • No Guidance – Chris Brown;
  • Bad Guy – Billie Eilish.

Bayramona kayfiyat baxsh etuvchi Mariah Careyning All I Want for Christmas Is You qo‘shig‘i ham ro‘yxatdan o‘rin oldi. Shu bilan birga, eng qadimgi qo‘shiqlardan Queen guruhi ijrosidagi Bohemian Rhapsody 156-o‘rinni egalladi.

Ayollar orasida eng ko‘p qo‘shiq bilan reytingga kirgan ijrochi Taylor Swift bo‘ldi. U 14 ta qo‘shig‘i bilan ro‘yxatga kirgan bo‘lib, Cruel Summer asari bilan eng yuqori (57-o‘rin) natijani qayd etdi.

Taylor Swift - Cruel Summer (Official Audio)

Apple Music reytingini Travis Scott’ning Fair Trade qo‘shig‘i yakunlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda ekranlarga chiqqan 7 ta yangi fantastik filmlar haqida yozgandi.