AQSh dollarining yaratilish tarixi

eʼlon qilindi
Maqolada AQSh valyutasi haqida bilib olasiz
AQSh dollari
AQSh dollarining tarixi / Foto: Kursiv Uzbekistan / Sapura Temirxanova

Bugungi kunda dollar dunyo bo‘yicha eng ko‘p ishonch bildiriladigan valyutalardan biri hisoblanadi. Jahondagi 100 dan ortiq davlatda AQSh dollari zaxira valyuta sifatida ishlatiladi. Xalqaro savdo bitimlarining katta qismi aynan shu valyutada tuziladi. Biroq bu kuchli va global ahamiyatga ega valyutaning yaratilish tarixi, kupyura dizayni va muomaladan chiqqan pullarning keyingi taqdiri ko‘pchilikka unchalik ma’lum emas. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida AQSh dollarining tarixi haqida so‘z yuritiladi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Dollardan oldingi Amerika puli

Dollar kupyuralarining yaratilishi va dizayni

Federal zaxira tizimi va dollar emissiyasi

Muomaladan chiqqan va o‘zgargan kupyuralar

Dollardan oldingi Amerika puli

1 dollarlik kupyura / Foto: Kursiv Uzbekistan / Lobar Turayeva

Amerika mustaqillikka erishishidan avval keng qo‘llanilgan valyuta ispan dollari — ya’ni «peso» bo‘lgan. Bu tangalar Lotin Amerikasida zarb qilingan bo‘lib, Shimoliy Amerikada ham asosiy muomala vosita sifatida ishlatilgan. Aynan shu tangalar kelajakda AQSh dollarining paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.

1792-yilda, Konstitutsiya qabul qilingandan so‘ng, Kongress «Tangalar to‘g‘risidagi akt»ni qabul qildi. Bu hujjatga ko‘ra, «dollar» AQShning rasmiy pul birligi sifatida belgilandi. Shuningdek, o‘sha yili Vashington shahrida AQSh Tangalari uyi — «Mint» tashkil etildi. U yerda oltin, kumush va mis tangalar zarb qilina boshlandi.

2 dollarlik kupyura / Foto: MarketWatch

Dastlabki zarb etilgan $1 tangalar aynan ispan dollari asosida shakllantirildi. Chunki o‘sha davrda «dollar» atamasi amerikaliklar uchun ispan tangalarini anglatardi. AQShda boshlanishida bimetall — ya’ni oltin va kumushga asoslangan valyuta tizimi joriy etildi. Hatto 1857-yilgacha ispan va Meksika tangalari rasmiy muomalada saqlanib qolgan. Bu tarixiy faktlar bugungi dollar shakllanishida xalqaro ta’sir kuchli bo‘lganini ko‘rsatadi.

Dollar kupyuralarining yaratilishi va dizayni

5 dollarlik kupyura / Foto: iStock

Dollarning birinchi kupyuralari sifatida 1861-yilda AQSh G‘aznachilik vazirligi tomonidan chiqarilgan $10 «Demand Note» (talab bo‘yicha naqdga almashtiriladigan) turi tilga olinadi. Bular inqilobiy urushdan keyingi ilk AQSh hukumati puliga aylanishi bilan tarixda muhimdir. Ushbu $10 kupyurada Avraam Linkoln portreti bor edi.

Banknotaning orqa tomonida yashil bosma mavjudligi bois unga «greenback» deyiladi. Juda qisqa muddat ichida $5 va $20 banknotalar ham chiqarildi. Dastavval dollar kupyuralari Amerika banknot kompaniyasi tomonidan bosilgan. Chunki BEP hozirgi «Bosmaxona» (Bureau of Engraving and Printing) 1862-yilda tashkil etilgandi.

10 dollarlik kupyura / Foto: Yahoo

1862-yildan boshlab G‘aznachilik o‘zining bosmaxonasida banknotalar dizaynini rivojlantira boshladi. Ular himoya xususiyatlari jihatidan rivojlangan naqshlardagi chiziqli chizmalardan, murakkab geometrik lathe grafikalaridan hamda AQSh Moliya vazirligi muhri, rasmiy imzolardan foydalangandi.

Bu usullar qalbakilashtirishni qiyinlashtirish uchun qo‘llanilgan. 1861–1865 yillarda chiqarilgan «Greenback» kupyuralari hamon ishonchli deb hisoblanadi.

Foto: LoveToKnow

Hozirgi AQSh dollar banknotlarida odatda mashhur tarixiy shaxslar tasvirlangan. Masalan, $1 da prezident Jorj Vashington, $2 da Tomas Jeferson, $5 da Avram Linkoln, $10 da Aleksandr Gamilton, $20 da Endryu Jekson, $50 da Ulysses Grant, $100 da Benjamin Franklin surati aks etadi. Bular BEPda (AQSh G‘aznachiligi Chop etish Boshqarmasi) chop etiladi.

BEP 1862-yildagi tashkil topishidan beri AQShning harbiy, moliyaviy va boshqa ko‘plab xavfsizlik hujjatlari — jumladan banknotalar — ishlab chiqaruvchi asosiy tashkilotiga aylangan. Hozirda BEPning ikki asosiy bosmaxonasi Vashington, D.C. va Fort-Uert (Texas shtati) shaharlarida joylashgan.

Federal zaxira tizimi va dollar emissiyasi

Foto: Business Insider

Federal zaxira tizimi (FZT) — AQShning markaziy banki bo‘lib, 1913-yilda Kongress tomonidan qabul qilingan «Federal Reserve Act» asosida tashkil etilgan. Uning vazifasi bank tizimini barqaror saqlash va pul bozorini nazorat qilishdir.

FZT boshqaruv kengashidan (7 nafar a’zo) va AQSh bo‘ylab taqsimlangan 12 ta hududiy Federal zaxira bankidan iborat.

Dollar emissiyasida FZT asosiy rolni o‘ynaydi. Bugungi kunda AQSh valyutasi aynan Federal zaxira kuponlari ko‘rinishida muomalaga chiqariladi. Ilgari milliy banklar oz miqdorda dollar chiqargan bo‘lsa, FZT tashkil topgach, pul massasini tez oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

FZTning asosiy vazifalaridan biri – pul-kredit siyosatini yuritishdir. U orqali pul miqdori va foiz stavkalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa AQSh iqtisodiyotini boshqarishda muhim vosita hisoblanadi.

Muomaladan chiqqan va o‘zgargan AQSh kupyuralari

1000 dollar tasviri / Foto: Specimen

AQSh tarixida bir qancha yuqori nominalli banknotalar muomaladan olib tashlangan. Jumladan, $500, $1000, $5000 va $10 000 lik kupyuralar 1969-yilda chiqarilishdan rasmiy to‘xtatildi. Ularning so‘nggi nashri 1945-yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng ular ishlab chiqarilmay qo‘yilgan, chunki ularga ehtiyoj qolmagan. 1900–1930-yillarda AQShda yirik moliyaviy operatsiyalar asosan naqd pulda amalga oshirilgan. Shuning uchun 500, 1000 va undan katta qiymatdagi dollarlik kupyuralar chiqarilgan. Ular banklar va yirik kompaniyalar o‘rtasida to‘lovlarni osonlashtirish uchun ishlatilgan. Oddiy fuqarolar bu kupyuralardan foydalanmagan.

1969-yilda bu kupyuralar muomaladan chiqarildi. Sababi — elektron to‘lov tizimlarining rivojlanishi, jinoyatchilikka qarshi kurash, xavfsizlik va iqtisodiy zaruratning yo‘qligi edi. Katta naqd summalar noqonuniy faoliyatlar uchun ishlatilgani bois ular bekor qilindi.

Misol tariqasida, $50 ming qiymatdagi valyuta kontrabandasi yo korrupsion holatlarda 5 ta banknot yetarli bo‘lar edi. Hozirgi holatda esa 500 ta 100 dollarlik kupyura kerak bo‘ladi.

5000 ming dollarlik kupyura / Foto: Specimen

Shunga qaramay, bu kupyuralar hanuz qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi. Lekin ular asosan kolleksionerlar qo‘lida. Masalan, $500 kupyura bugungi kunda uch barobar qimmatga baholanmoqda. $1000 va $5000 kupyuralar ham faqat kolleksion maqsadda saqlanadi.

AQShda chiqarilgan eng katta banknota bu — $100 000 lik oltin sertifikat (1934-yil) U faqat Federal zaxira banklari o‘rtasida ishlatilgan. Oddiy aholi uchun muomalada bo‘lmagan. Shu sababli, bugungi kunda eng katta amaldagi banknota bu — $100.

$100 000 lik oltin sertifikat / Foto: Govmint
Foto: Pixers

Ilgari chiqarilgan ba’zi banknotalar dizayni va funksiyasi bilan ham farq qilgan. Masalan, «Legal Tender Note» va «Silver Certificates» kabi kupyuralar oltin yoki kumush bilan ta’minlangan bo‘lgan. Buyuk depressiyadan so‘ng bunday tizim bekor qilingan.

Bugungi kunda bu eski banknotalar ham qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi. Ammo ular asosan kolleksion qiymatga ega. Ayniqsa katta nominalli kupyuralar faqat numizmatiklar orasida qadrlanadi.

Avvalroq iyul oyining ilk haftasida dollar qanday o‘zgargani haqida yozgan edik.

Shuningdek