
AQSh prezidenti Donald Tramp BRIKSning «Amerikaga qarshi siyosati»ga qoʻshilayotgan davlatlarga qarshi keskin chora koʻrish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, bunday davlatlar uchun 10 foizlik qoʻshimcha savdo boji joriy etiladi.
«Amerikaga qarshi BRIKS siyosatiga qoʻshilgan har qanday davlatga 10 foiz miqdorida qoʻshimcha boj solinadi. Bu siyosatdan istisnolar boʻlmaydi. Bu masalaga e’tibor berganingiz uchun rahmat», – deb yozdi Tramp oʻz postida.
Trampning ushbu bayonoti Braziliyada yaqinda boʻlib oʻtgan BRIKS sammitidan soʻng yangradi. Sammit ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan qoʻshma bayonotda «jahon savdosi va iqtisodiy rivojlanishiga tahdid solayotgan» bir tomonlama tarif choralaridan xavotir bildirilgan edi. Garchi hujjatda AQSh nomi toʻgʻridan toʻgʻri tilga olinmagan boʻlsa-da, Trampning javobi mazkur bayonotga nisbatan qaratilgani koʻzga tashlanmoqda.
Ma’lumot uchun, BRIKS dastlab Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy ittifoqi sifatida tashkil topgan boʻlib, 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasi ham unga qoʻshildi. 2024-yil boshida esa Eron, Misr, Efiopiya va Birlashgan Arab Amirliklari a’zolikka qabul qilindi.
AFP agentligining qayd etishicha, bugungi kunda BRIKS mamlakatlarida dunyo aholisining taxminan yarmi istiqomat qiladi, guruh iqtisodiyotining umumiy hajmi esa jahon yalpi ichki mahsulotining 40 foizini tashkil etadi. Bu esa blokni global miqyosda kuchli iqtisodiy va siyosiy oʻyinchiga aylantirgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston BRIKSning Yangi taraqqiyot banki bilan hamkorlikka tayyorligi haqida xabar bergan edi.