
Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanining Chorvoq suv omboriga oqova suvlar quyilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar rad etildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar yuzasidan Ekologiya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, Bo‘stonliq tumani «Navobod» MFY hududida Chorvoq suv omborining «tomosha maydonchasi»dan ko‘rinib turgan cho‘yan quvur orqali texnik suv oqib chiqmoqda. Bu suv bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tomonidan sug‘orish maqsadida foydalanilgan.
Bundan tashqari, uning yonida ichida elektr kabellari o‘tgan polipropilen quvurlar ham mavjudligi tasdiqlandi.
Mutaxassislar tomonidan quvurlardan olingan suv namunalari laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilgan. Dastlabki natijalariga ko‘ra, suv tarkibida ifloslantiruvchi moddalar aniqlanmadi va suv namunalari amaldagi sanitariya me’yorlariga to‘liq mos ekanligi tasdiqlandi.
Mazkur hududda markazlashgan oqova suvlarni qabul qilish tizimi mavjud bo‘lib, barcha aholi va yuridik shaxslar oqova suvlarini shartnoma asosida rasmiy kollektor tarmog‘iga tashlamoqda. Suv ombori perimetri bo‘ylab qo‘shimcha tekshiruv natijasida ham oqova suvlarning suv omboriga oqizilish holati aniqlanmadi.
Mutasaddi tashkilotlar suv ombori gidrotexnika inshootlarining texnik holati xavfsizligini ham to‘liq tasdiqladi. Shu bilan birga, Chorvoq suv omboriga oqova suvlar quyilayotgani haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bo‘stonliq va Toshkentda qanday loyihalar amalga oshirilayotgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, «Chorvoq darvozasi»ning birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. U yerda ko‘p qavatli uylar, mehmonxonalar, savdo nuqtalari va quyosh panellari bilan jihozlangan inshootlar qurilgan. Loyiha ekologik energiya bilan ta’minlanadi.