Avto

Dunyodagi eng xavfsiz avtomobillar qaysi

Endilikda eng xavfsiz avtomobillar ro‘yxatida birinchi o‘rinni Hyundai va KIA kompaniyalarining mashinalari egalladi
Dunyoning eng xavfsiz avtomobillari ro‘yxati yangilandi. Foto: relaycars

AQShning Yo‘l harakati xavfsizligini sug‘urtalash instituti (YHXSI) dunyoning eng xavfsiz avtomobillari ro‘yxatini yangiladi. Unda yetakchilikni Janubiy Koreyaning Hyundai va KIA kompaniyalari olgan.

YHXSI – dunyodagi eng obro‘li avtomobil xavfsizligini baholovchi institutlardan biri. 2025-yilda yangilangan sinovlar doirasida orqa qatordagi yo‘lovchilarning himoyasi, to‘qnashuvning oldini olish tizimlari va yon zarba paytidagi xavfsizlik talablari kuchaytirildi.

Ushbu yangi talablarga ko‘ra, Hyundai Ioniq 6, KIA Telluride va KIA EV9 modellari eng yuqori Top Safety Pick+ mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu modellarning barchasi yangi talablarni to‘liq bajara oldi va orqa qatordagi yo‘lovchilar, jumladan, bolalar o‘rindiqlari xavfsizligini samarali ta’minladi.

Shu bilan birga, Volvo’ning ayrim modellari orqa o‘rindiqdagi himoyani yetarli darajada ta’minlay olmadi va natijada reytingi pasaydi.

Volvo nega o‘z mavqeyini yo‘qotmoqda

XC60 | Volvo. Foto: volvocarshop.uz

Volvo avtomobillari hanuzgacha yuqori xavfsizlik darajasini saqlab turibdi, biroq endi avvalgidek yetakchi emas. Buning bir nechta sababi bor:

  • Volvo so‘nggi yillarda xavfsizlikdan ko‘ra elektromobillashuv va raqamli texnologiyalarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, raqobatchilar yangi xavfsizlik talablariga tez moslasha oldi.
  • YHXSIning yangi metodikasi Volvo avtomobillaridagi ba’zi zaif nuqtalarni ko‘rsatdi. Masalan, yo‘lovchilar tizzalarini himoya qilish darajasi va tungi avtomatik tormozlash tizimining samaradorligi.
  • Hyundai Motor Group xavfsizlikka katta mablag‘ sarflab, faol va passiv himoya tizimlarini modernizatsiya qilib, ustunlikka erishdi.

Global kontekst

Hyundai va KIA ning xavfsizlik bo‘yicha yutuqlari faqat AQSh bilan cheklanib qolmaydi. Euro NCAP (Yevropa), ANCAP (Avstraliya) va KNCAP (Koreya) kabi yetakchi xavfsizlik tashkilotlari ham ushbu brendlarning yangi modellarini yuqori baholadi. Masalan, Hyundai Ioniq 6 va KIA EV6 Yevropada piyodalarni aniqlash, bolalarni himoya qilish va avtomatik tormozlash tizimi bo‘yicha eng yuqori ballarni oldi.

Qozog‘istonda ham ushbu tendensiya kuzatila boshlandi, deb xabar berdi Kursiv Media. 2024 yilning ikkinchi yarmida Hyundai Tucson, KIA Sportage va KIA K5 kabi modellari eng ko‘p sotilgan o‘nta avtomobil qatoriga kirdi. O‘zbekistonda ham KIA avtomobillari 2024-yilda eng ko‘p sotilgan avtomobillar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan. Mahalliy xaridorlar ham avtomobilning xavfsizligiga ko‘proq e’tibor bera boshladi. Bu global tendensiyaning mahalliy bozorga ta’siri ekanligi aniq.

Avtomobil bozoriga ta’siri

Xavfsizlik sohasidagi yetakchining o‘zgarishi — nafaqat xaridorlar, balki butun avtomobil sanoati uchun muhim signal. Hyundai va KIA yuqori xavfsizlik faqat qimmat brendlar uchun emas, balki o‘rtacha narx segmentida ham mavjudligini isbotladi.

Bundan tashqari, ushbu brendlar keyingi avlod modellarini tayyorlamoqda va ularning asosiy ustuvor yo‘nalishi ham – yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish bo‘ladi.

Volvo’ning avtomobil xavfsizligi bo‘yicha shartsiz yetakchilik davri tugab bormoqda. Bugungi kunda bu maqom Hyundai va KIA ga tegishli. Ular avvalgi yetakchilarni quvib yetibgina qolmay, yangi mezon o‘rnatmoqda. XXI asrda «eng xavfsiz avtomobil» unvonini har yili qaytadan isbotlash zarur, chunki global bozor raqobati kuchaymoqda.

Bundan oldin Chevrolet eng ko‘p sotilayotgan ishonchli avtomobil brendlari ro‘yxatiga kirgani haqida yozgandik. Amerikaning J.D. Power agentligi 2025-yil uchun eng ishonchli avtomobillar reytingini e’lon qildi, unda Chevrolet kuchli o‘ntalikdan joy olgan.