
Navbahor Hamidova Jahon kubogida chempion bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik ayol bokschi bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Unda o‘zbekistonlik Navbahor Hamidova g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Hamidova finalda Olimpiada chempioni va uch karra jahon chempioni bo‘lgan turkiyalik Busenaz Surmenelini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa Navbahor Hamidova avvalgi ikki mag‘lubiyat uchun munosib revansh oldi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi jami bir oltin va to‘rt bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Oltin medal:
- 65 kg: Navbahor Hamidova
Bronza medal:
- 54 kg: Feruza Kazakova
- 75 kg: Aziza Zokirova
- 80 kg: Sohiba Ro‘zmetova
- +80 kg: Oltinoy Sotimboyeva
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston ayollar futbol terma jamoasi Osiyo kubogiga yo‘l olgani haqida yozgandi.