Yangiliklar

O‘zbekiston Koreya kemasozlik sanoati uchun 97 nafar ishchi tayyorladi

Bitiruvchilar Ulsan shahridagi kemasozlik korxonalarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi
Foto: Unsplash

Farg‘onada Ulsan Global Human Resources Training dasturi doirasida Janubiy Koreya kemasozlik sohasida ishlash uchun 97 nafar ishchi tayyorlandi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

Ular dastur doirasida uch oy texnik ko‘nikmalar va koreys tiliga o‘qitildi. Dastur yakunida bitiruvchilarga diplomlar topshirildi. Bitiruv marosimida Ulsan shahri meri Kim Du Gyom, Farg‘ona viloyati hokimi Hayrullo Bozarov va O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Behzod Musayev ishtirok etdi.

«Bu bir vaqtning o‘zida ikki maqsadga erishish imkonini beradi. Ulsanning kemasozlik sohasidagi kadrlar yetishmovchiligi muammosini hal qilish va global hamkorlikni kengaytirish», – deydi Kim Du Gyom.

Ulsan Global Human Resources Training bitiruvchilari Ulsandagi kichik va o‘rta kemasozlik korxonalarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu dastur Ulsan shahri hokimiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan, chunki shaharning kemasozlik sanoati malakali mutaxassislar yetishmovchiligiga duch kelmoqda.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston shifoxonasida Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan ilk jarrohlik roboti paydo bo‘lgani haqida yozgandi.