Yangiliklar

O‘zbekiston va Ozarbayjon JChga birgalikda mezbonlik qilish uchun ariza topshirdi

Agar FIFA mazkur arizani ma’qullasa, bu ikki davlat tarixida ilk bor U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qilish imkoni bo‘ladi
Foto: UFA

FIFA 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga O‘zbekiston va Ozarbayjon futbol assotsiatsiyalari mezbonlik uchun FIFAga rasmiy ariza topshirdi.

Nomzodlik taklifida ta’kidlanishicha, ikki mamlakatda so‘nggi yillarda futbol sohasida islohotlar amalga oshirilib, xalqaro turnirlarni yuqori darajada o‘tkazish uchun zarur infratuzilma va tajriba shakllantirilgan. Jumladan, O‘zbekiston U-20 va U-23 Osiyo chempionatlari, shuningdek, Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilgan futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga muvaffaqiyatli mezbonlik qilgan. Bu turnirlar FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan ham yuqori baholangan.

O‘zbekiston futbol jamoatchiligi ushbu tashabbusni mamlakatning futbolga bo‘lgan sadoqati, infratuzilmadagi o‘sish, professional yondashuv va muxlislarning g‘ayrati bilan bog‘lab, FIFA mezonlariga to‘liq javob berishini ta’kidlamoqda.

Nomzodlik taklifiga ko‘ra, ikki davlat turnir o‘yinlarini zamonaviy stadionlarda, yuqori darajadagi logistika va xavfsizlik choralarini inobatga olgan holda tashkil etadi. Ayniqsa, O‘zbekiston va Ozarbayjonda yosh futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlar, bolalar futboli tizimining kengayishi va xalqaro aloqalar bu tashabbusni mustahkamlab turibdi.

Agar FIFA mazkur arizani ma’qullasa, bu ikki davlat tarixida ilk bor U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qilish imkoni bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat ayollar futbol terma jamoasi Osiyo kubogiga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.