Lifestyle

O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda yozgi ta’tilni qayerlarda o‘tkazish mumkin

Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardagi bir nechta manzillar haqida foydali ma’lumotlarni to‘pladi
Yozgi ta’tilda qayerlarda dam olsa bo‘ladi. Foto: Subbotina / depositphotos.com

Yozgi ta’til boshlanishi bilan o‘zbekistonliklar sayohatga oshiqadi. Yanvar-aprel oylarida xorijga chiqishlar soni 2,1 milliondan oshdi – bu o‘tgan yilga nisbatan 23,6% ko‘p. Asosiy yo‘nalishlar: Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston. Ichki turizmga qiziqish ham ortmoqda — kimdir tog‘, kimdir tarixiy shaharlarni tanlayapti. Kursiv Uzbekistan dam olish uchun eng qulay ichki va tashqi manzillarni to‘pladi.

Maqolada nimalarni bilib olish mumkin:

Urung‘och nefrit ko‘llari

Foto: Baxtishod Telegram kanali

Urung‘och nefrit ko‘llari – Toshkent viloyatidagi eng mashhur va betakror tabiiy diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lib, yozgi sayohatlar uchun ayni muddao. Bu ko‘llar o‘zining yorqin nefritsimon (yashil-ko‘kimtir) suvi, tog‘lar bag‘ridagi sofligi va tinch muhitda hordiq chiqarish imkoniyatlari bilan ajralib turadi.

Urung‘ochda joylashgan yuqori va quyi ko‘llar o‘rtasidagi masofa taxminan 4 km ni tashkil qiladi. Quyi ko‘lning suvi yorqin nefrit tusida bo‘lib, doimiy 5 daraja atrofidagi sovuq harorati sababli suv yuzasi o‘ziga xos rangda tovlanadi.

Ushbu ko‘llar Ugom–Chotqol milliy bog‘i hududida, Toshkentdan 150 km uzoqlikda joylashgan. Sayohatchilarni bu maskanning go‘zal tabiati, tinch muhitda dam olish imkoniyati, shaffof suvlar va tog‘ manzaralari o‘ziga maftun etadi.

Manzili va geografiyasi

  • Joylashuvi: Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Ugom-Chotqol milliy tabiiy bog‘i hududi;
  • Toshkentdan masofa: taxminan 150 km (3,5–4 soatlik yo‘l);
  • Ko‘llar soni: ikkita — yuqori va quyi Urung‘och ko‘llari;
  • Ko‘llar orasidagi masofa: taxminan 4 km tog‘ yo‘li (piyoda yurish mumkin);
  • Balandlik: taxminan 1 300–1 700 metr.

Yetib borish yo‘llari

  • Shaxsiy avtomobil bilan: Tashkent — G‘azalkent — Nanay — Pskom darasi — Urung‘och (taxminan 3,5-4 soatlik yo‘). So‘nggi 35 km yo‘l esa toshloq, faqat maxsus transport bilan harakatlanish mumkin.
  • Sayyohlik agentliklari orqali: 250 ming so‘mdan 400 ming so‘m oralig‘ida.
  • Jamoat transporti bilan: marshrutka bilan G‘azalkentgacha, keyin mahalliy taksi bilan (bir kishiga 15–20 ming so‘m).

Eslatma: Yozda ushbu ko‘lning bir qismida vaqtincha qurg‘oqchilik kuzatiladi. Ko‘l ikki qismdan iborat bo‘lib asosan, ikkinchi qismida suv bo‘ladi. Shu sababdan, sayohat oldidan sayohat agentliklari bilan maslahatlashish yoki hudud mutasaddilaridan ma’lumot olish tavsiya etiladi.

Bo‘stonliq: Chorvoq

Foto: Baxtishod Telegram kanali

Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv ombori atrofidagi hudud yurtimizdagi eng mashhur dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda toza tog‘ havosi va betakror tabiiy manzara fonida cho‘milish, hordiq chiqarish va suv sporti bilan shug‘ullanish mumkin. Dam oluvchilar uchun yaxta, qayiq va skuterda sayr qilish xizmatlari taqdim etiladi — bu kabi xizmatlar O‘zbekistonning boshqa hududlarida kam uchraydi.

Chorvoqdagi infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sifati poytaxtdagilardan kam emas. Shu bois yoz mavsumida bu yerda dam oluvchilar soni ancha ko‘p bo‘ladi va narxlar ham sezilarli darajada yuqorilaydi. Sayyohlar uchun tanlov keng: sohil bo‘yidagi oddiy so‘rilar, oila uchun mo‘ljallangan xonadon va dachalar, shuningdek, yuqori darajadagi kurort zonalar ham mavjud.

Borish yo‘llari va xarajatlar

Foto: Uzbekistan Travel

Chorvoqqa yetib borish uchun bir nechta variant mavjud. Eng qulay yo‘l — shaxsiy avtomobil yoki taksi orqali borishdir. Toshkentdan Chorvoqqa bo‘lgan masofa taxminan 60–70 km bo‘lib, yo‘l harakati holatiga qarab 1,5–2 soat vaqt oladi. Taksi narxlari yo‘nalishga va avtoturargohga qarab o‘zgaradi, odatda bir tomonlama yo‘l uchun 100 ming so‘m–150 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Guruh bo‘lib borilsa, bu xarajat ancha tejaladi.

Jamoat transporti orqali ham borish mumkin: «Buyuk ipak yo‘li» yoki «Mashinasozlar» metro bekatlaridan Bo‘stonliqqa qatnovchi mikroavtobuslar harakatlanadi. Narxi odatda 15 ming–20 ming so‘mni tashkil etadi, lekin bu holatda yetib borish biroz ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin.

Foto: Uzbekistan Travel

Dam olish kunlarida Chorvoqqa qatnovchi turpaketlar va guruhli sayohatlar ham tashkil etiladi, ularning narxi tur va xizmatlar turiga qarab o‘zgaradi — o‘rtacha 150 ming–300 ming so‘m oralig‘ida. Bunday paketlarga transport, ovqatlanish va ba’zan ekskursiyalar ham kiradi.

Shuningdek, 1-iyuldan Chorvoqqa avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, chipta narxi 25 ming so‘m.

Zomin tog‘lari va Zomin sanatoriyasi

Foto: Uzbekistan Travel

Zomin tog‘lari — O‘zbekistonning Jizzax viloyatida joylashgan va Nurota tizmasining sharqiy qismiga kiradi. Bu maskan o‘zining sernam havosi, boy o‘simlik va hayvonot dunyosi, hamda tog‘li landshaftlari bilan mashhur. Tog‘lar dengiz sathidan 2500 metr balandlikka chiqadi, bu esa ularni yozgi dam olish uchun ideal qiladi.

Zomin tabiiy bog‘i 1976-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonning eng qadimiy va eng katta tabiiy qo‘riqxonalaridan biridir. U yerda 50 dan ortiq daraxt va buta turlari, 1000 dan ortiq o‘simliklar va ko‘plab yovvoyi hayvonlar yashaydi. Dam oluvchilar bu yerda piyoda yurish, tabiat qo‘ynida piknik, ekoturizm, fotosuratga tushish kabi faoliyatlardan bahramand bo‘lishadi.

Zomin sanatoriyasi — tog‘ havosi va ignabargli o‘rmonlar bilan o‘ralgan, sog‘lomlashtirish imkoniyatlari keng bo‘lgan shifobaxsh muassasa. Sanatoriya baland tog‘ bag‘rida joylashgani bois havo nihoyatda toza va organizm uchun foydali.

Asosiy davolash yo‘nalishlariga tana immun tizimini mustahkamlash, nafas yo‘llari kasalliklarini davolash (astma, bronxit), yurak-qon tomir tizimi uchun reabilitatsiya va allergik kasalliklarni yengillashtirish kiradi.

Yozda dam olish uchun qulay tomonlari:

  • Tog‘ havosining salqinligi (iyul-avgustda ham havo harorati 18–22°C atrofida bo‘ladi);
  • Allergik va nafas yo‘llari kasalliklari uchun foydali muhit;
  • Issiq havo va shaharlardagi ifloslanishdan qochish imkoniyati;
  • Oilaviy dam olish uchun xavfsiz va osoyishta joy;
  • Ekoturizm va tabiat qo‘ynida sport bilan shug‘ullanish imkoniyati.

Borish yo‘li va transport

  • Toshkentdan Zomingacha masofa: taxminan 250 km.
  • Yengil transport bilan: taxminan 4 soatlik yo‘l (Toshkent — Jizzax — Zomin).
  • Jamoat transporti: Toshkent shahrining «Olmazor» metro bekatidan LADA servis shahobchasidan Toshkent – Zomin yo‘nalishidagi mikroavtobus, taksilarda Zomin shahrigacha kelinadi.

Xarajatlar

  • Avtobus: taxminan 40 ming – 60 ming so‘m;
  • Poyezd: Toshkentdan Jizzaxgacha 80 ming so‘mdan 270 ming so‘mgacha.
  • Taksi: 100 ming – 150 ming so‘mdan (shaxsiy kelishuv asosida).

Sangardak sharsharasi

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/06/otabekka_sangardak.mp4
Sangardak – mashhur sharshara va dam olish maskani. Video: Uzbekistan Travel

Sangardak – Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida joylashgan mashhur sharshara va dam olish maskani. Bu O‘zbekistondagi eng baland sharsharalardan biri bo‘lib, 50 metrgacha balandlikdan oqib tushadi. To‘rt fasl davomida o‘zining mevasi va yam-yashil landshaftlari bilan tabiatsevarlarni o‘ziga jalb etadi.

Foto: advantour.com

Sharshara 1,2–1,6 ming metr balandlikda joylashib, ikki asosiy oqimdan tashkil topgan. Bahor va yozda suvning kuchli oqimi, musiqa singari tovushi va taralgan nam havo, yozning jazirama kunlarida ham salqinlik baxsh etadi.

Shuningdek, atrof tog‘li va chuqur vodiylardan iborat bo‘lib, qadam tashlash yo‘laklari, ko‘priklar va tomosha maydonchalari barpo qilingan.

Yetib borish va transport

Foto: advantour.com

Sharsharaga yetib borish uchun eng yaqin manzil – Denov bo‘lib, u yerga Toshkentdan — poyezd yoki avtomobil orqali kelish mumkin. Bilet narxi 214 ming so‘mdan 547 ming so‘mgacha. Denovdan Sariosiyo tumani va Sangardak qishlog‘i orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobil yo‘li bor.

Sharsharaga borish uchun Denov yoki Boysun shahridan qo‘shma yoki maxsus ekskursiya yo‘nalishlari, shuningdek, yakka tartibda avtomobil yoki jamoat transportidan foydalanish mumkin. Sangardak Denovdan taxminan 30 km, Boysun va Termizdan esa 140–190 km masofa narida joylashgan.

Xarajatlar va qulaylik

Foto: advantour.com

Sharsharada rasmiy kirish chiptasi arzon bo‘lib, yoz faslida sayyohlar uchun 10 ming so‘m –30 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Qo‘shimcha ravishda, dam olish joylaridan foydalanish uchun kichik to‘lovlar bor. Atrofida ichimliklar, choy, sut mahsulotlari, mevalar va suvenirlar sotiladi.

Foto: advantour.com

Ekskursiya yo‘nalishlariga yo‘lda transport, boshlang‘ich qo‘llanma hamda tushlik kabi xizmatlar ham kiritilgan bo‘lishi mumkin — bu xizmatlar imkoniyatlariga qarab $100–$150 (kishi boshiga) atrofida bo‘ladi.

Viloyatlararo sayohat: Samarqand

Yozgi ta’tilda dam olish rejalashtirayotganlar uchun boqiy va hamisha navqiron Samarqand shahri asosiy maskanlardan biri hisoblanadi.

Registon
Foto: Inapptravel.com

Samarqandga sayohat qilgan har bir inson uchun eng birinchi manzil bu — Registon maydoni bo‘ladi. XV asrda barpo etilgan Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari tarixiy muhitni his qilish uchun ideal joy sanaladi. Bu me’moriy majmua sayohatni boshlab berish uchun ayni muddao.

Go‘ri Amir maqbarasi. Foto: Yandex

Registon atrofida joylashgan yana bir qancha tarixiy obidalar ham e’tiborga loyiq. Jumladan, buyuk sarkarda Amir Temur dafn etilgan Go‘ri Amir maqbarasi va nafis naqshlari bilan mashhur Bibixonim maqbarasi ushbu hududda joylashgani tufayli, bu qadamjolarni bir kunda ziyorat qilish qulaydir.

Shohi Zinda. Foto: Yandex

Shuningdek, «Samarqand marvaridi» deb ataluvchi Shohi Zinda majmuasi ham tarixiy ahamiyatga ega. Bu yerdagi maqbaralar o‘ziga xos bezaklarga ega bo‘lsa-da, umumiy holda yaxlit me’moriy ansamblni tashkil qiladi. Shohizinda majmuasining eng muhim jihatlaridan biri shundaki, u yerda shahar tarixining qariyb uch ming yillik izlari mujassam.

Siyob bozori. Foto: Yandex

Samarqand hayotiga chuqurroq kirib borishni istaganlar uchun esa Siyob bozori eng yaxshi tanlov bo‘ladi. Bu bozor nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida qadimiy savdo maskanlaridan biri hisoblanadi. Siyobda maishiy tovarlar, go‘sht, sabzavot, meva, yong‘oq, shirinlik, ziravorlar va non mahsulotlari alohida rastalarda sotiladi. Bozorda shuningdek, kiyim-kechak va ro‘zg‘or buyumlari uchun ham do‘konlar mavjud. Sayohat so‘ngida yaqinlaringizga sovg‘alar xarid qilish uchun aynan shu joy juda qulay.

Borish xarajatlari

Temir yo‘l orqali (poyezd): Samarqandga tezkor «Afrosiyob» yoki oddiy yo‘lovchi poyezdlari qatnaydi. Afrosiyob (yuqori tezlikdagi poyezd) Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha 2 soat 10 daqiqada yetib boradi. Chipta narxlari: Ekonom klass – 270 ming so‘m, Biznes klass – 396 ming so‘m.

Oddiy yo‘lovchi poyezdlari narxi arzonroq (140 ming 315 ming so‘m), ammo yo‘l vaqti 4–6 soatgacha cho‘ziladi. Shuningdek, Toshkentdan Samarqandgacha ichki reyslar mavjud, ammo ular kamroq qatnaydi. Parvoz vaqti esa 1 soatni tashkil etadi. Chipta narxlari o‘zgaruvchan bo‘lib, o‘rtacha 250 ming so‘m.

Azim Buxoro

Buxoro. Foto: Uzbekistan travel

O‘zbekistonning eng qadimiy shahri sanalgan Buxoro, o‘zining boy tarixiy merosi, noyob me’morchilik yodgorliklari va ziyoratgohlari bilan minglab sayyohlarni jalb etmoqda. Bu maskan nafaqat musulmon olamining muqaddas joylaridan biri, balki dunyo madaniyatining bebaho xazinasidir. Quyida Buxoroga tashrif buyurgan har bir sayyoh albatta ko‘rishi kerak bo‘lgan muhim maskanlar haqida to‘liq ma’lumot beramiz.

Ark qal’asi

Ark qal’asi — shaharning eng qadimiy me’morchilik yodgorligi bo‘lib, bir yarim ming yil avval bu yerda dehqonchilik madaniyatiga ega davlat hukmdorlari yashagan. Sun’iy tepalikka qurilgan qal’aning devorlari 750 metrga cho‘zilgan bo‘lib, umumiy maydoni 4 gektarni tashkil etadi. Qal’a Shayboniylar davrida qayta tiklangan va 2500 yillik munosabati bilan zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan. Hozirda Arkda 2 900 dan ortiq eksponat namoyishga qo‘yilgan.

Ark qal’asi. Foto: Uzbekistan travel

Ushbu qal’aga kirish uchun chipta narxi maktab o‘quvchilari uchun 2 ming so‘m, talabalarga 5 ming so‘m, mahalliylar aholiga 10 ming so‘m, xorijliklar uchun esa 40 ming so‘m.

Sitorai Mohi Xossa

Buxoro amirining yozgi qarorgohi bo‘lgan ushbu majmua Mang‘itlar sulolasining uch avlodi tomonidan qurilgan. 6 gektarli hududda eski saroy, g‘ishtin hovlilar va ko‘plab xonalar mavjud. Muzeyda 700 ga yaqin eksponat saqlanadi.

Foto: Advantour.com

Chipta narxi: mahalliy aholi – 10 ming so‘m, talabalar – 8 ming so‘m, xorijliklar – 40 ming so‘m.

Yetti pir ziyoratgohlari

7 saints of Bukhara

Xojagon tariqatining yetti ulug‘ piriga bag‘ishlangan ziyoratgohlar Buxoro viloyatining turli tumanlarida joylashgan. Har yili minglab musulmonlar bu maskanlarga ziyorat qilish uchun keladi. Ziyorat vaqti: har kuni 05:00 dan 20:00 gacha, bepul kirish.

Markaziy Osiyo davlatlari: Qirg‘iziston — Issiqko‘l

Issiqko‘l O‘zbekiston fuqarolari orasida eng ommabop sayohat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. U o‘zining noyob tabiati, tiniq suvlari, tog‘li manzaralari va iliq iqlimi bilan sayyohlarni o‘ziga maftun etadi. Ko‘lning O‘zbekistonga yaqin joylashgani, shuningdek, tilda va madaniyatda o‘xshashlik mavjudligi bu yo‘nalishni yanada jozibador qiladi.

Foto: onlinekarty.ru

Issiqko‘lga borishning ikki asosiy yo‘li mavjud: tayyor sayohat turlarini tanlash yoki sayohatni mustaqil tashkil etish. Tayyor turlar qulaylik va vaqt tejash imkonini bersa, mustaqil sayohat qilish moliyaviy jihatdan tejamkor va erkin rejalashtirish imkonini taqdim etadi.

Sayyohlar ko‘pincha yoz oylarida Issiqko‘lni tanlaydi, ayniqsa iyul va avgustda bu hududda iqlim juda qulay bo‘ladi. Issiqko‘l nafaqat plyaj dam olishlari, balki yurishlar, tog‘li sayohatlar, sog‘lomlashtirish maskanlari va mahalliy oshxonalarda milliy taomlardan bahramand bo‘lish imkonini ham beradi.

O‘zbekistonliklar uchun pasportsiz, faqat ID-karta bilan Qirg‘izistonga kirish imkoniyati mavjud bo‘lgani sababli, bu yo‘nalish so‘nggi yillarda yanada ommalashgan. Shu boisdan, Issiqko‘l har yili o‘zbek sayyohlarini ko‘plab mehmonxonalar, oromgohlar va dam olish uylari bilan qarshi oladi.

Qanday yetib borish mumkin

Samolyot orqali. Issiqko‘lga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar mavjud emas, biroq Silk Avia aviakompaniyasi Toshkentdan Issiqko‘l qirg‘og‘iga yaqin joylashgan Tomchi aeroportiga har kuni charter reyslar amalga oshiradi.

Quyidagi parvoz jadvali asosida:

  • Toshkentdan uchish — 10:20, Issiqko‘lga yetib kelish — 13:25
  • Issiqko‘ldan qaytish — 14:25, Toshkentga yetib kelish — 15:40 (Jadval mahalliy vaqt bo‘yicha ko‘rsatilgan).
  • Chipta narxi: bir tomonga 1,3 mln so‘mdan, ikki tomonlama 2,6 mln so‘mdan boshlanadi

Shuningdek, Toshkent — Tamchi yo‘nalishida Centrum Air aviakompaniyasi ham payshanba va yakshanba kunlari parvozlarni yo‘lga qo‘ygan.

Quyidagi parvoz jadvali asosida:

  • Toshkent – Tamchi: jo‘nab ketish 06:05, yetib borish 08:30;
  • Tamchi – Toshkent: jo‘nab ketish 09:30, yetib kelish 10:05.
  • Chipta narxi: bir tomonga 700 ming so‘mdan boshlanadi.

Avtobus orqali. Toshkentdan Issiqko‘lga har juft kunlarda avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Avtobus soat 15:00 da «Toshkent» avtovokzalidan jo‘naydi va Cho‘lpon-Ota (Issiqko‘l) shahrigacha boradi.

  • Yo‘l davomiyligi: taxminan 20 soat
  • Chipta narxi: 310 000 so‘m
  • Jo‘nash manzili: Olmazor metrosi yaqinidagi «Toshkent» avtovokzali
  • Avtobus chiptasi: vokzal kassasi yoki rasmiy sayt orqali

Shaxsiy avtomobil orqali. Toshkentdan Issiqko‘lga mashinada borish mumkin. Eng qisqa yo‘l Qozog‘iston orqali o‘tadi. Alternativ ravishda, Farg‘ona vodiysi orqali tog‘li manzarali yo‘ldan ham borish mumkin. Yo‘l davomiyligi 12–16 soat.

Qozog‘iston Respublikasi

Qozog‘iston, ko‘pchilik uchun plyajli dam olish manzili sifatida esga tushmasa-da, bu yerda maroqli sayohatlar va tabiiy go‘zalliklar topish mumkin. Masalan, poytaxt Ostona shahridan mashinada to‘rt soat yo‘l yurib, mashhur «Burabay» kurortiga borish mumkin. Bu yerda sayyohlar ko‘plab ko‘llarda cho‘milish, tog‘larda sayr qilish imkoniga ega. Ammo yozgi mavsumda sayyohlar soni keskin ortishini inobatga olish lozim.

«Burabay» kurorti. Foto: media.s7.ru

Qozog‘istonning mashhur ko‘llari orasida yana Balxash va Alakol ko‘llari ajralib turadi. Balxash – baliq ovlash uchun qulay joy sifatida mashhur, Alakol esa sog‘lomlashtiruvchi xususiyatlari bilan tanilgan.

Aktau

Foto: media.s7.ru

Agar dengiz bag‘rida dam olishni istasangiz, Kaspiy dengizi sizni kutmoqda. Qozog‘istonning Kaspiy bo‘yidagi eng yirik shahri — Aktau. Bu yerda rivojlangan infratuzilmaga ega ko‘plab plyajlar bor. Dam olish mavsumi iyundan sentabrgacha davom etadi. Aktauga borsangiz, albatta, qoyalar bilan dengiz oralig‘idagi «Skalnaya tropa» yo‘lida sayr qiling va mashhur Beket-Ota yer osti masjidiga tashrif buyurish kerak.

Foto: media.s7.ru

Shuningdek, hayratomuz ohaktosh tog‘lari, jarlik va plato hududi bilan mashhur Bozjira vodiysiga ham borishingiz mumkin.

Shahar tashqarisidagi tabiat mo‘jizalari

Qozog‘iston tabiati xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bu yerda alp yaylovlari, cheksiz dashtlar, rang-barang kanyonlar va baland tog‘lar mavjud.

Olmaotadan atigi bir necha soatlik masofada mashhur BAAO — ya’ni Katta Olmaota ko‘li, Ile-Alatau milliy bog‘i hamda Charin kanyoni joylashgan. Shuningdek, Charin, Qora va Oy kanyonlariga sayohat qilish mumkin. Yo‘l-yo‘lakay, mashhur — cho‘qqilari suvdan ko‘tarilib chiqqan g‘ayrioddiy daraxtlar bilan tanilgan — Kaindy ko‘lini ham ko‘rishingiz mumkin.

Foto: media.s7.ru

Bunday sayohatlar uchun mahalliy turistik agentliklar orqali ekskursiya buyurtma berish mumkin. O‘rtacha narx 300-500 ming so‘m atrofida bo‘lib, unga transport, gid, yashash, ovqatlanish va sayrlar kiradi.

Olmaota atrofidagi tog‘larda esa yengil sayr uchun ko‘plab yo‘nalishlar mavjud. Eng mashhur va nisbatan qulay yo‘llar — Butakov sharsharalari, Kok-Jaylau va Gorelnik jarliklari hamda Furmanov cho‘qqisidir. Biroz murakkab va uzoqroq yurish yo‘nalishlari esa — «Ile-Alatau» milliy bog‘i hududidagi Yaponiya yo‘li hisoblanadi.

Qanday yetib borish mumkin

Samolyot orqali. O‘zbekistondan Qozog‘istonning Olmaota va Ostona shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar mavjud. Uzbekistan Airways aviakompaniyasida chiptalar narxlari quyidagicha:

  • Toshkentdan uchish — 08;15, 20:40, Olmaotaga yetib kelish — 09:45, 22;10 (chiptalar 1,5 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha);
  • Toshkentdan uchish — 15:35, Ostonaga yetib kelish — 17:35 (chiptalar 1,3 mln so‘mdan 4,6 mln so‘mgacha).

Tojikiston Respublikasi

Foto: Voyege wonder

Dushanbe — Tojikiston Respublikasining poytaxti va eng yirik shahri. Uning nomi haftaning dushanba kuni bu yerda bozor o‘tganidan olingan. Dushanbening bog‘lari, favvoralari va yashil maydonlari ko‘zni quvontiradi.

Foto: Voyege wonder

Shaharni Dushanbinka daryosi ikkiga ajratadi. Tog‘lar tufayli bu yerda o‘ziga xos salqin mikroiqlim mavjud. Dushanbe tinch va keng ko‘chalar, chinor va akatsiyalar bilan to‘la. Shahar aholisi tirbandlikdan uncha aziyat chekmaydi.

Qal’ai-Xumb

Foto: Voyege wonder

Qal’ai-Xumb — Panj daryosi bo‘yida joylashgan kichik shaharcha. Bu yer fors tilidan tarjimada «Xumba qal’asi» degan ma’noni anglatadi. Qal’ai-Xumb XV asrda Pomir chegara forposti sifatida vujudga kelgan. U bir vaqtlar Darvoz xonligining poytaxti bo‘lgan. Keyinroq sovet davrida viloyat markaziga aylangan.

Foto: Voyege wonder

Afg‘on urushi davrida strategik o‘tish punktlaridan biri bo‘lgan. Hozirda bu yerda 1600 kishi istiqomat qiladi. Shaharda mehmon uylari va Karvon Palace mehmonxonasi mavjud. Dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan. Dushanbedan Pomir yo‘nalishidagi birinchi muhim to‘xtash joyi.

Foto: Voyege wonder

Bu yer tinch va yoqimli iqlimi bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Bozorlar faoliyati so‘nggi yillarda pasaygan. Atrof tabiiy go‘zalliklarga boy. Panj ustidagi ko‘prik orqali Afg‘onistonga yaqin joylashgan. Tarixi va bugungi vazifasi bu hududni muhim qiladi.

Iskandarko‘l

Foto: Voyege wonder

Iskandarko‘l Tojikistonning eng mashhur tog‘ ko‘llaridan biridir. U Dushanbedan 130 km uzoqlikda joylashgan. «Iskandarko‘l» nomi Iskandar Zulqarnayn bilan bog‘liq. Ko‘l atrofida uning ishtirokidagi afsonalar mavjud. Dengiz sathidan 2195 metr balandda joylashgan.

Foto: Voyege wonder

Chuqurligi 72 metrni tashkil etadi. Suv juda sovuq, ayniqsa qirg‘oqdan uzoqlashganda. Yozda sayyohlar toshli plyajlarda dam olishadi. Yaqin atrofda Ilon ko‘li va «Fanskaya Niagara» sharsharasi bor.

Sayyohlar uchun qadimgi yozuvli toshlar ham qiziq. Bu joy tarix, tabiat va afsonalarni birlashtirgan. Dushanbedan bir kunlik sayohat qilish mumkin. Tog‘li hudud bo‘lgani sababli havo toza va salqin. Ko‘l atrofida o‘simliklar va hayvonot dunyosi xilma-xil. Iskandarko‘l Tojikistonning tabiat mo‘jizalaridan biridir.

Xorog

Foto: Voyege wonder

Xorog — Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining markazi. Shahar Pomir yo‘lining markaziy nuqtasida joylashgan. Dushanbedan 600 km, O‘shdan 730 km uzoqda. Dengiz sathidan 2200 metr balandda joylashgan, bu uni eng baland shaharlardan qiladi.

Foto: Voyege wonder

Tarixi Chungan davlati va Buxoro xonligi bilan bog‘liq. Rossiya imperiyasi 1896-yildayoq bu yerda harbiy post qurgan. 1928-yilda shahar maqomini olgan. Xorogda 30 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu yerda uchta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi.

Foto: Voyege wonder

Pomir botanika bog‘i dunyodagi eng balandlardan biri hisoblanadi. Muzeylar, kafelar, mehmonxonalar sayyohlar uchun xizmat qiladi. Shahar yashil voha sifatida tasvirlanadi. Shamoldan himoyalanganligi sababli iqlimi yoqimli. Tarixiy eksponatlar orasida mashhur pianino ham bor. Xorog Pomir madaniy va turistik hayotining yuragidir.

Qanday yetib borish mumkin

Samolyot orqali. O‘zbekistondan Tojikistonning Dushanben shahariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar mavjud. Uzbekistan Airways aviakompaniyasida chiptalar narxlari quyidagicha:

Toshkentdan uchish — 08:00, Dushanbega yetib kelish — 09:00 (chiptalar 1,2 mln so‘mdan 3,6 mln so‘mgacha).