Yangiliklar

O‘zbekistonda kuniga 27 mln kVt soatga yaqin «yashil» energiya ishlab chiqarilmoqda

Yil boshidan buyon elektr energiyasi hajmi 5 milliard kilovatt/soatga yetdi
O‘zbekistonda kuniga 27 mln kilovatt soatga yaqin «yashil» energiya ishlab chiqarilmoqda. Foto: Energetika vazirligi

O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan energiya hajmi 5 mlrd kilovatt/soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

Bu ko‘rsatkich yil boshidan beri kuniga o‘rtacha 26,7 mln kVtsoat «yashil» energiya ishlab chiqarilganini anglatadi.

Hozirda respublikaning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4 119 megavattlik 11 ta quyosh va 4 ta shamol elektr stansiyasi ishlamoqda. Yil boshidan buyon quyosh stansiyalari 3,1 mlrd kVt/soat, shamol stansiyalari esa 1,9 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

Mazkur natijalar 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga, atmosferaga 2,2 mln tonnadan ortiq zararli gazlar chiqishining oldi oldi.

Shuningdek, 7-iyul soat 08:00 ga qadar O‘zbekistondagi barcha gidro, quyosh va shamol elektr stansiyalari jami 8,73 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu ko‘rsatkich mamlakatdagi umumiy generatsiyaning 20,3 foizini tashkil qilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu ishlab chiqarish hajmi orqali 2,6 mlrd kub metr gaz tejaldi. Atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 3,8 mln tonnadan ortiq zararli gazlar neytrallandi.

Ma’lumot uchun, mazkur hajmdagi energiya 7 mln 280 ming xonadonning 6 oylik yoki 3 mln 640 ming xonadonning bir yillik ehtiyojini qoplay oladi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston ilk atom elektr stansiyasi uchun yoqilg‘ini 2029-yilda qabul qilishi haqida yozgandi.