Yangiliklar

O‘zbekiston limon eksportini 4,6 foizga oshirdi

Ichki bozordagi narxi ham rekord darajaga chiqdi
Лимоны в Узбекистане
O‘zbekistonning limon eksporti 4,6 foizga oshdi. Foto: Steve Doig / Unsplash

O‘zbekistonning limon eksporti o‘tgan yilga nisbatan 4,6 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

O‘zbekiston 2025-yilning yanvar – may oylarida xorijga qiymati $2,8 millionga teng bo‘lgan 1 740 tonna limon eksport qilgan.

Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 77 tonnaga yoki 4,6 foizga oshgan.

O‘zbekiston eng ko‘p limon eksport qilgan davlatlar:

  • Rossiya – 1 051 tonna;
  • Qozog‘iston – 603 tonna;
  • Qirg‘iz Respublikasi – 81 tonna;
  • Boshqa davlatlar – 5 tonna.

O‘zbekistonda limon qancha

So‘nggi vaqtlarda limon O‘zbekiston bozorida narxi eng tez oshgan mahsulot bo‘ldi. Narx bir yo‘la 65 foizga ko‘tarildi. Bu haqda East Fruit tahlilchilari xabar berdi.

Bundan tashqari, hozirgi limon narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 3 barobar yuqori. 2025-yil 12–13-iyun holatiga ko‘ra, poytaxt O‘zbekiston supermarketlarida yangi limonning minimal chakana narxi 53 000 so‘m/kg ($4,19) ni tashkil etdi. Bu mahsulot bir oy avval chakana bozorda 32 000 so‘m/kg ($2,48) narxda sotilgan bo‘lsa, 2024-yil iyun oyida uning narxi atigi 17 000 so‘m/kg ($1,35) bo‘lgan.

Narx nega oshdi

Bunda asosiy omil – dunyodagi eng yirik limon eksportchisi bo‘lgan Turkiyadagi vaziyatdir. 2024/2025-yilgi mavsumda Turkiya hosilning keskin kamayishi va noqulay ob-havo tufayli mahsulot sifatining yomonlashishi bilan yuzlashdi. Shundan keyin ham narxlar oshishda davom etdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston uchun import mahsulotlarini yetkazib berishda logistika xarajatlari yuqori bo‘lgani sababli mamlakat ichidagi narxlar ham shunga mos ravishda oshdi.

Biroq Turkiyada limon mavsumi deyarli yakuniga yetdi, chunki limon zaxiralari rekord darajada kam edi. Shu sababli hozirda O‘zbekistonga limon Janubiy yarimshar davlatlaridan, jumladan, uzoqdagi Argentinadan olib kelinmoqda. Qizig‘i shundaki, ushbu limonlar mahalliy limonga qaraganda ancha arzon bo‘lib chiqmoqda.

Ikkinchi omil, bu – mavsumiylik. O‘zbekistonda, asosan, «Meyer» navli limon yetishtiriladi va iste’mol qilinadi. O‘zbekistonning iqlimiy sharoitini hisobga olganda, limon issiqxonalarda – isitiladigan va isitilmaydigan teplitsalarda yetishtiriladi. Yiliga uch marta hosil yig‘ib olinadi: avgust – sentabr, oktabr – dekabr va yanvar – fevral oylarida.

Eng ko‘p hosil beradigan davr — oktabr – dekabr oylariga to‘g‘ri keladi. Shunga mos ravishda, ichki bozorda mahalliy limon asosan may oyigacha mavjud bo‘ladi, chunki bu davrda omborlardagi zaxiralar tugaydi. Shu sababli yoz boshiga kelib mahalliy limon zaxiralari deyarli tugaydi va narxlar keskin oshadi. 2025-yil 12–13-iyun holatiga ko‘ra, mahalliy limon supermarket tarmoqlarida o‘rtacha 70 000 so‘m/kg ($5,53) narxda sotilayotgan bo‘lsa, eng arzon narx (53 000 so‘m/kg – $4,19) bilan Argentinadan keltirilgan import limon taklif etilgan.

East Fruit tahlilchilariga ko‘ra, yaqin bir necha oyda O‘zbekistonda limon narxining dinamikasi unchalik quvonarli emas. Mahalliy limonning ilk hosili avgust o‘rtalari – oxirlarida yig‘ib olinmaguncha narxlar yuqori darajada qoladi yoki hatto oshishda davom etadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Rossiyaga eng ko‘p qulupnay yetkazib bergan davlatlardan biri bo‘lgani haqida yozgandi.