Surinamda ilk bor ayol prezident saylandi

6-iyul kuni Surinam tarixida ilk bor ayol kishi prezidentlik lavozimiga tayinlandi. 71 yoshli Jennifer Simons rasman davlat rahbari etib tasdiqlandi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
May oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Simons boshchiligidagi Milliy demokratik partiya (MDP) 18-o‘rinda edi. Amaldagi prezident Chan Santoxining Progressiv islohotlar partiyasi esa 17-o‘rin bilan ortda qoldi. Qolgan 16-o‘rin kichik partiyalar o‘rtasida bo‘linib, koalitsion kelishuv asosida Simons prezidentlikka ko‘rsatildi.
Surinamda prezidentni parlament a’zolari tanlaydi. Buning uchun nomzod ovozlarning uchdan ikki qismini olishi lozim. Yakuniy ovoz berish 6-iyul kuni o‘tkazildi va Simons rasmiy ravishda tasdiqlandi. Unga MDP partiyasi rahbari Gregori Rusland vitse-prezident etib tayinlandi.
Simons nutqida yoshlar va imkoniyati cheklanganlarga e’tibor qaratishini aytdi.
«Men bu lavozimga xizmat qilish uchun keldim. Bilimim, kuchim va tajribamni xalqimiz farovonligi uchun bag‘ishlayman. Bu lavozimga birinchi ayol sifatida kelganim menga ikki karra mas’uliyat yuklaydi», — deydi u.
Amaldagi prezident Chan Santoxi (66 yoshli sobiq politsiya komissari) kam ta’minlangan qatlamlarga yetarlicha yordam ko‘rsatmagani uchun tanqid ostida qolgandi. U Simonsni tabriklab, parlament a’zosi sifatida faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi.
Surinam yaqin yillarda katta neft va gaz daromadlariga ega bo‘lishi kutilmoqda. TotalEnergies boshchiligidagi Gran Morgu loyihasi 2028-yilda ishga tushishi belgilangan. Bu Surinamni qo‘shni Gayana kabi mintaqaviy energetika yetakchisiga aylantirishi mumkin.
Jennifer Simonsning inauguratsiyasi 16-iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. U boshchilik qilayotgan MDP partiyasiga sobiq prezident Desi Bouterse asos solgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ahmad al-Sharo‘o Suriyaning muvaqqat prezidenti etib tayinlangani haqida yozgandi.