Texasdagi qurbonlar soni 80 nafardan oshdi

AQShning Texas shtatida ro‘y bergan kuchli toshqinlar oqibatida 80 nafardan oshgan. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Kerr okrugida joylashgan Guadalupe daryosi 4-iyul kuni kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng toshib ketdi. Daryo suvi bir necha daqiqada ko‘tarilib, sohil bo‘yidagi Camp Mystic nomli qizlar yozgi oromgohini suv ostida qoldirdi. Bu oromgoh 100 yillik tarixga ega edi.
To‘satdan kelgan toshqin sabab oromgohdagi ko‘plab qizlar va tarbiyachilar suv ichida qolgan. Rasman tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, oromgohda kamida 27 nafar qiz va tarbiyachilar halok bo‘lgan. Hozirda yana 10 qiz va bir tarbiyachi bedarak yo‘qolgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
“Nafaqat oilalar, balki butun jamoa uchun yurakni ezadigan voqea» — deb ta’riflagan Camp Mystic rahbariyati bayonotida.
Oromgoh egasi esa toshqin paytida bolalarni qutqarishga uringan va shu vaqtning o‘zida halok bo‘lgan. U va uning rafiqasi bu oromgohni 1974-yildan beri boshqarib kelayotgan edi.

Texas senatori Ted Cruz ushbu hodisani fojiа deb baholadi. Favqulodda holat e’lon qilinganidan so‘ng, AQSh hukumati yordam kuchlarini safarbar etdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va sohil qo‘riqchilari qidiruv ishlari uchun vertolyot va samolyotlar bilan yordam bermoqda.
Ob-havo mutaxassislari yomg‘irlar hali to‘xtamasligini, ayrim joylarda juda ko‘p – 10 dyuymgacha yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkinligini ogohlantirmoqda. Rasmiylar toshqin sabablari, ogohlantirish tizimlari va ob-havo prognozlarining to‘g‘riligini keyinchalik alohida o‘rganib chiqishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Texasdagi toshqinlarda halok bo‘lganlar soni 43 nafarga yetgani haqida yozgan edi.