
Xiaomi kompaniyasi Xiaomi SU7 Ultra elektromobilining ilk rasmiy yo‘l sinovini Yevropada o‘tkazdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Myunxen shahrida M SU7088E raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil Yevropa yo‘llarida qonuniy harakatlana boshlagan birinchi SU7 bo‘ldi.

Xiaomi Group prezidenti va brend rahbari Lu Weibing Yevropadagi xizmat safarida aynan shu mashinani haydab ko‘rdi. U 5-iyul kuni Weibo’da ushbu test haqida yozdi. Raqamdagi M harfi Myunxen va Xiaomi brendining Mi qisqartmasiga ishora qiladi, SU7 esa model nomini anglatadi.
Xiaomi SU7 Ultra 4 997 mm uzunlik, 1 963 mm kenglik va 1 455 mm balandlikka ega. G‘ildirak bazasi 3 000 mm. Mashinaning og‘irligi taxminan 2 205 kg, aerodinamik ko‘rsatkichi esa 0.195 Cd. U o‘rta va katta toifadagi elektr sedanlar turkumiga kiradi.
Mashina 0 dan 100 km/soatgacha bor-yo‘g‘i 1.98 soniyada tezlashadi. Maksimal tezligi esa 350 km/soat. Unda karbon-keramik tormoz tizimi va poyga uchun sozlangan shassi mavjud. SU7 Ultra 93,7 kVt/soat sig‘imga ega CATL Qilin II akkumulyatori bilan jihozlangan. To‘liq zaryad bilan 630 km masofani bosib o‘ta oladi.

Joriy yil 26-iyun kuni Xiaomi SU7 Ultra prototipi Germaniyadagi Nurburgring trekida 6 daqiqa 22,091 soniyada aylanishni yakunlab, eng tezkor elektromobillar qatoriga kirdi. Maxsus Track Professional Package bilan ishlab chiqarilgan versiya esa 7:04.957 natijani qayd etdi. Xiaomi bu ko‘rsatkichni seriyali elektromobillar orasida rekord deb e’lon qilgan.
Kompaniya ushbu poyga asosida faqat 100 dona ishlab chiqariladigan SU7 Ultra Nurburgring Limited Track Edition modelini yaratdi. Narxi 814 900 yuan (taxminan $113 500). Bu versiyada karbon elementlar, orqa spoyler, poyga o‘rindiqlari va xavfsizlik uchun qisman karkas o‘rnatilgan.
Xiaomi rahbari Lei Jun kompaniya 2027-yildan boshlab xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Hozircha SU7 Ultra Yevropada texnik sinovlar uchun ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu bosqich Xiaomi’ning global kengayish strategiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Testda foydalanilayotgan avtomobil mijozlarga yetkaziladigan partiyaga kirmaydi. Yevropada sotuv boshlanish sanasi hozircha ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi YU7 elektromobiliga talab yuqoriligi sababli ishlab chiqarish hajmi kengaytirilishi haqida yozgan edi.