Avto

Hyundai kompaniyasi Elexio SUV’ning ichki ko‘rinishini e’lon qildi – foto

Joriy yilning 3-choragiga rasmiy taqdimoti rejalashtirilgan
Beijing Hyundai kompaniyasi Elexio SUV’ning ichki ko‘rinishini e’lon qildi. Foto: Beijing Hyundai

Beijing Hyundai kompaniyasi o‘zining birinchi to‘liq elektr quvvatida ishlaydigan SUV modeli – Elexio’ning ichki ko‘rinishini rasman e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.

Mazkur model shu yilning uchinchi choragida bozorga chiqarilishi kutilmoqda. Salonning asosiy diqqatga sazovor jihati – 4K aniqlikdagi va 1000 cd/m² yorug‘likka ega 27 dyuymli ikki ekranli displey hisoblanadi. Rulda joylashgan paddle-shifter tugmalari haydovchiga to‘rt xil kinetik energiyani tiklash darajasini tanlash va bitta pedal yordamida boshqaruv rejimini faollashtirish imkonini beradi.

Oldingi o‘rindiq. Foto: Beijing Hyundai

Elexio haydovchi va old yo‘lovchi uchun sinxronlangan ikki zonali simsiz quvvatlash imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, avtomobil 29 ta saqlash bo‘limi, suriladigan maxfiy quti va ikki yo‘nalishda kengayadigan stakan qo‘yish joylari bilan jihozlangan.

U old g‘ildirakli (FWD) va to‘liq g‘ildirakli (AWD) konfiguratsiyalarda mavjud bo‘ladi. FWD versiyasi 160 kVt quvvatga ega yagona dvigatel bilan jihozlanadi, AWD versiyasiga esa 73 kVt quvvatga ega orqa dvigatel qo‘shilib, umumiy quvvat 233 kVt (312 ot kuchi) ni tashkil qiladi. Har ikkala variantning maksimal tezligi 185 km/soatni tashkil qiladi. Avtomobil BYD’ning sho‘ba korxonasi FinDreams tomonidan yetkazib beriladigan litiy-temir-fosfat (LFP) batareyasi bilan jihozlanadi va CLTC sharoitlariga ko‘ra taxminiy yurish zaxirasi 700 km gacha yetadi.

Orqa o‘rindiq. Foto: Beijing Hyundai

Pekinda joylashgan qo‘shma korxona Elexio Hyundai’ning Electric Global Modular Platform (E-GMP) platformasida ishlab chiqarilishini va ushbu elektromobil Xitoydagi (xorijiy) qo‘shma korxonalar uchun qayta tiklanish davrini boshlab berishini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hyundai Ioniq 6 dunyodagi eng xavfsiz avtomobillar reytingida Top Safety Pick+ mukofotiga sazovor bo‘lgani haqida yozgandi.