Chevrolet Onix avtomobili xorijdagi versiyalaridan qanday farq qiladi

8-iyul 2025 11:44 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Onix
Chevrolet Onix avtomobili xorijdagi versiyalaridan qanday farq qiladi / Foto: RAT

Chevrolet Onix bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki janubiy Amerikada ham ommabop sedanlardan biri hisoblanadi. Bu avtomobil o‘zining ixcham dizayni, yoqilg‘i tejamkorligi va qulay funksiyalari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, shaharda harakatlanish uchun qulay bo‘lganligi, arzon narxli variantlari va zamonaviy ko‘rinishi uni ko‘plab haydovchilarning tanloviga aylantirdi. Ushbu maqolada Chevrolet Onix avtomobilining dizayni haqida bilish kerak bo‘lgan mavzularni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Chevrolet Onix Braziliya va O‘zbekistonda

Foto: Chevrolet.br

Janubiy Amerika bozorida, ayniqsa, Braziliya va Argentinada sotilayotgan Onix va Onix Plus modellari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan Onix bilan bir xil GEM platformasiga asoslangan. Ular tashqi ko‘rinish va asosiy tuzilma jihatidan o‘xshash.

Biroq Janubiy Amerikadagi Onix texnologik jihatdan ancha boyitilgan. Bu yerda mashinalar Wi-Fi modem, OnStar tizimi, olti xavfsizlik yostig‘i, simsiz quvvatlash, ko‘p USB portlar va tugmacha orqali ishga tushirish kabi funksiyalar bilan ta’minlangan.

Foto: Chevrolet.br

Ichki makonda ham farqlar bor. Masalan, old o‘rindiqlar bosh yostig‘i bilan birlashtirilgan va orqa yo‘lovchilar uchun oyoqlar joyi kengroq. Janubiy Amerika Onixi global talablarga mos yuqori texnologiyali o‘rta sinf avtomobil hisoblanadi. O‘zbekistonda esa qulaylik va tejamkorlik ustuvorlik qiladi.

Tashqi dizayn

Foto: Chevrolet

O‘zbekistonda

Chevrolet Onix projektor uslubidagi old faralari va LED kunduzgi chiroqlari bilan ajralib turadi. Orqa faralari ham LED bo‘lib, oqshom sensorli avtomatik yoritish funksiyasi mavjud. Radiator panjarasi xrom bilan bezatilgan bo‘lib, avtomobilning old qismini zamonaviyroq ko‘rsatadi. Xrom detallar umumiy dizaynga nafislik baxsh etadi.

Onix – sedan tipidagi avtomobil bo‘lib, uning uzunligi 4474 mm, eni 1746 mm, balandligi esa versiyasiga qarab 1470 yoki 1474 mm ni tashkil qiladi. G‘ildiraklar bazasi 2600 mm bo‘lib, bu sayohat davomida qulaylik yaratadi.

Braziliyada

Avtomobilning tashqi ko‘rinishi zamonaviy va sport uslubida. Old qismi keskin chiziqlar bilan ishlangan, faralari LED texnologiyasiga ega, radiator panjarasi esa kengaytirilgan va qop-qora bezaklar bilan ajratilgan. Kuzovining umumiy o‘lchamlari quyidagicha: uzunligi – 4 163 mm, eni – 1 730 mm, balandligi – 1 476 mm, g‘ildirak bazasi – 2 552 mm. Ushbu o‘lchamlar avtomobilni shaharda yurgan haydovchilar uchun juda qulay qiladi.

Ichki dizayn

Foto: Chevrolet

O‘zbekistonda

Chevrolet Onix salonida mato qoplamali o‘rindiqlar va ayrim to‘plamlarda charm rul mavjud. Bu materiallar oddiy, ammo foydalanuvchi uchun qulay va xarajat jihatdan tejamkor hisoblanadi.

O‘rindiqlar ergonomik shaklda bo‘lib, balandligini sozlash mumkin. Ba’zi versiyalarida old va orqa o‘rindiqlar isitish funksiyasi bilan jihozlangan. Bu esa uzoq yo‘l safarlari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Multimedia tizimi sifatida 8 dyuymli sensorli MyLink displeyi taklif etiladi. U orqali Apple CarPlay, Android Auto, orqa kamera va boshqa ilovalar boshqariladi. Boshqaruv paneli silliq chiziqlar va chuqur tekstura naqshlari bilan bezalgan bo‘lib, salonda kenglik va havodorlik hissini beradi. Ergonomik joylashuvi esa haydovchi uchun yanada qulay boshqaruvni ta’minlaydi.

Braziliyada

Ichki dizayn zamonaviy ko‘rinishga ega. Onix’da 8 dyuymli sensorli displey o‘rnatilgan bo‘lib, u Apple CarPlay va Android Auto funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Raqamli panel, USB chiqishlar va Bluetooth ulanishi kabi funksiyalar mavjud. O‘rindiqlar ergonomik shaklda bo‘lib, orqa qismda ham yetarli oyoq joyi yaratilgan. Ichki materiallar ko‘proq mato asosida tayyorlangan bo‘lsa-da, sifat jihatdan mustahkam va amaliy.

Texnik jihatdan, Chevrolet Onix 1.0 litrli yoki 1.2 litrli benzinli dvigatellar bilan taklif qilinadi. 1.0 litrli versiya 82 ot kuchiga ega, avtomatik yoki mexanik uzatma bilan birga ishlaydi. Ba’zi modifikatsiyalarda turbo dvigatel va start-stop tizimi mavjud. Avtomobil yoqilg‘i tejamkorligi bilan ham e’tiborni tortadi.

Modelning dizaynidagi o‘zgarishlar

Chevrolet Onix O‘zbekiston bozoriga 2022-yil oxirida yangilangan holda kirib keldi. 2023-yilda esa kuchliroq Premier (1.2L Turbo) versiyasi sotuvga chiqarildi. Shu bilan birga, «Premier Plus» va «Redline» kabi yangi to‘plamlar taqdim etilib, ichki bezak va opsiyalar kengaytirildi.

Foto: UzAuto Motors

2024-yilda Onix modelida katta tashqi yoki ichki yangilanishlar bo‘lmadi. Oldingi o‘zgarishlar saqlab qolingan bo‘lib, ishlab chiqaruvchi tomonidan yangi dizayn kiritilgani haqida rasmiy xabar bo‘lmadi.

2025-yilda esa global bozorlar uchun kichik o‘zgarishlar qilindi. Jumladan, Janubiy Amerikada Onix Plus modelining old panjarasi yangilandi, g‘ildiraklar ko‘rinishi o‘zgartirildi va yangi kuzov ranglari paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, avtomobilning asosiy dizayni va texnik xususiyatlari o‘zgarishsiz qoldi.

Narx

Model milliy bozorda 161 mln ($13 ming)so‘mdan sotiladi. Bu Chevrolet Onix mahalliy bozorda ikki xil dvigatel bilan taqdim etiladi. Unga 5 pog’onali mexanik yoki 6 pog’onali avtomat uzatmalar qutisi o‘rnatiladi. Mashinaning maksimal quvvati 132 ot kuchigacha yetadi. Yoqilg‘i sarfi esa atigi 4,7–4,8 litrni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda Chevrolet Onix ommabop modellardan biri hisoblanadi. Yil boshidan buyon 7,9 mingta Onix modeli sotilgan.

Bu avtomobilni Braziliyada $17 mingga xarid qilish mumkin. Xorijdagi Chevrolet Onix 116 ot kuchi va 16,8 kgfm aylanish momentiga ega kuchli turbo dvigatel bilan jihozlangan. Ushbu motor samaradorlik va tejamkorlikni birlashtiradi. Unga ulanadigan 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi engil va aniq vites o‘zgarishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, u  ta old, 2 yon va 2 parda xavfsizlik yostiqchalari bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt sotib olishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida yozgan edi.

Shuningdek