Chevrolet Tracker avtomobilining tarixi qanday

8-iyul 2025 17:31 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker
Chevrolet Tracker avtomobilining tarixi / Foto: ORC

Tracker — bu o‘rta o‘lchamdagi krossover avtomobil bo‘lib, u dunyoning turli hududlarida turli nomlar ostida ishlab chiqarilgan. Model yillar davomida bir nechta modernizatsiyalardan o‘tgan. Tracker modeli Chevrolet brendining xalqaro bozorga mo‘ljallangan yengil SUV segmentidagi muhim ishtirokchilaridan biridir. Quyidagi maqolada ushbu Chevrolet Tracker avtomobili qanday tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan degan savolga javob beramiz.

Boshlanishi: Geo Tracker (1989 – 2004)

GeoTracker 1995
Geo Tracker 1995 / Foto: eBay

Chevrolet Tracker dastlab 1989-yilda Geo Tracker nomi ostida AQShda taqdim etilgan. Bu model aslida yapon ishlab chiqaruvchisi Suzuki bilan hamkorlikda yaratilgan. U Suzuki Vitara asosida ishlab chiqilgan. Geo Tracker kichik o‘lchamdagi model. Uning to‘rt g‘ildirakli yurish tizimi, ixchamligi va yo‘ldan tashqari harakatlanish imkoniyatlari bilan e’tiborni tortgan.

1998-yilgacha ushbu avtomobil Geo brendi ostida chiqarilgan. 1999-yildan boshlab u Chevrolet Tracker nomi bilan ishlab chiqarila boshlandi. Birinchi avlod Tracker modeli o‘sha davrning budjet toifasidagi eng ommabop SUVlaridan biri bo‘ldi.

Ikkinchi avlod (1999 – 2004)

Chevrolet tracker
Chevrolet Tracker 1999 / Foto: Consumer Guide Automotive

1999-yilda Chevrolet Tracker yangi dizaynga ega bo‘lib, ko‘proq shahar sharoitiga moslashtirilgan. Ushbu avlodda Tracker Suzuki Grand Vitara platformasiga asoslangan. U xavfsizlik, qulaylik va dizayn jihatdan yaxshilangan. Bu model, asosan, Shimoliy Amerikada ishlab chiqarilgan.

Chevrolet tracker 2002 / Foto: Bring a Trailer

Biroq 2004-yilda GM va Suzuki o‘rtasidagi hamkorlik yakunlanganidan so‘ng, Chevrolet Tracker modeli Shimoliy Amerika bozoridan chiqarildi.

Uchinchi avlod: (2013 – 2020)

Chevrolet Tracker / Foto: Autodata24

2013-yilda Chevrolet global SUV segmentiga qaytganini e’lon qildi va yangi Chevrolet Trax/Tracker modelini taqdim etdi. Ba’zi bozorlarda (ayniqsa, Janubiy Amerikada) ushbu model Tracker nomi bilan tanildi. Bu yangi Tracker modeli kichik shahar krossoveri bo‘lib, zamonaviy dizayn, qulaylik va tejamkorlikni o‘zida mujassam etgan edi.

Foto: Autodata

Uchinchi avlod Tracker avvaliga Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan, keyin esa Meksika, Xitoy va Braziliyada ham yig‘ila boshlandi. Unda 1.4 turbo benzinli dvigatel, avtomatik uzatmalar qutisi va ko‘plab xavfsizlik tizimlari mavjud edi.

To‘rtinchi avlod: (2020-yildan hozirgacha)

Foto: RAT

2020-yilda Chevrolet Tracker butunlay yangi dizayn va platformada taqdim etildi. Bu model GM’ning yangi Global Emerging Markets (GEM) platformasida ishlab chiqilgan bo‘lib, ayniqsa rivojlanayotgan bozorlar uchun mo‘ljallangan. Hozirda bu model asosan Xitoy, Braziliya, Meksika va boshqa Janubiy Amerika davlatlarida ishlab chiqarilmoqda va katta talabga ega.

Yangi Tracker zamonaviy interyer, keng multimedia tizimi, yuqori samarali 1.0 yoki 1.2 litrli turbo dvigatellar bilan jihozlangan. Ayniqsa Braziliyadagi Tracker modellari yangi xavfsizlik tizimlari – avtomatik tormozlash, yo‘lni saqlab yurish tizimi va boshqa funksiyalar bilan ajralib turadi.

O‘zbekistonda Chevrolet Tracker

Foto: Chevrolet

O‘zbekistonda Tracker avtomobili UzAuto Motors tomonidan 2022-yilda ommaviy ishlab chiqarilishi rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Tracker shahar uchun moslashtirilgan, ixcham, zamonaviy dizaynga ega bo‘lib, bugun bozorda Cobalt va Damas’dan keyin talabgir modellar qatoriga kiradi.

Mahalliy zavodda ishlab chiqariladigan model 1.2 L Turbo dvigetilga ega. U 6 ta avtomatik uzatmalar qutisiga ega bo‘lib, 132 ot kuchidan iborat. Yoqilg‘i sarfi 100 kmga 6,5 litrni tashkil etadi.

Chevrolet Tracker modeli yil boshidan buyon birlamchi bozorda kuchli uchlikdan joy olmoqda. Yanvar-may oylarida 13,4 ming dona Tracker avtomobili sotilgan. Ayni paytda ushbu modelni chegirma bilan 216 mln so‘mga xarid qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas modelining ilk ko‘rinishidan bugungacha bo‘lgan rivojlanish tarixi haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shuningdek