
Italiyaning mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchisi Ferrari nisbatan budjetli modelini taqdim etdi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi.
Amalfi deb nomlangan superkar 240 ming yevroga baholangan bo‘lib, kompaniya uni boshlang‘ich darajadagi model sifatida taqdim qildi. Mutaxassislar bu narx yuqoridek tuyulishi mumkinligini tan olsalar-da, bu Ferrari tarixidagi eng arzon modellardan biri ekani ta’kidlanmoqda.
Yangi avtomobil soatiga 100 km tezlikka atigi 3,3 soniyada chiqadi. Uning maksimal tezligi esa 320 km/soatni tashkil etadi. Salonida 1200 vatt quvvatga ega Burmester premium audio tizimi o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ferrari ilk elektromobilini ishlab chiqarish uchun sex qurishi haqida yozgan edi.