
Firibgarlikda ayblanib, Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Litva hududida qo‘lga olinib, Toshkentga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik bo‘yicha ayblanmoqda.

Tegishli hujjatlar asosida O‘zbekiston Bosh prokuraturasining iltimosiga binoan, Litva tomoni shaxsni topshirishga rozilik berdi. Ekstraditsiya jarayoni Interpolning Toshkent va Vilnyusdagi milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi ilk hamkorlik tajribasi sifatida qayd etildi.
Qidiruvdagi fuqaro Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi. Bu holat ikki davlat o‘rtasidagi xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashdagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq odam savdosida gumon qilingan shaxs Ummon Sultonligidan ekstraditsiya qilingan edi.