
O‘tgan hafta davomida AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan kursi sezilarli darajada o‘zgardi. Umumiy hisobda Amerika valyutasi 84,24 so‘mga arzonladi. Kursiv Uzbekistan nashri 30 iyundan 4-iyulgacha Markaziy Osiyo davlatlarida dollar kursi qanday o‘zgarganini o‘rgandi.
O‘zbekiston
30-iyun kuni O‘zbekistonda 1 AQSh dollari 12 694,97 so‘m etib belgilangan edi. Keyingi kunlarda dollar kursida ketma-ket pasayish kuzatildi. 1-iyulda kurs 12 676,11 so‘mga, 2-iyulda esa 12 591,71 so‘mga tushdi. 3-iyul kuni dollar yana arzonlashib, 12 557,56 so‘mni tashkil etdi. 4-iyulda esa bir oz tiklanib, 12 606,73 so‘mga ko‘tarildi.
Dollarning so‘mga nisbatan o‘zgarishi

Shunday qilib, 30-iyundan 4-iyulgacha bo‘lgan besh kunlik davrda dollar kursi umumiy hisobda 88,24 so‘mga, ya’ni 0,70 foizga pasaydi. Bu oraliqda milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan mustahkamlanganini ko‘rish mumkin.
Qozog‘iston
30-iyunidan 4-iyuligacha bo‘lgan haftada Qozog‘istonda AQSh dollarining kursi asta-sekin pasayib, haftaning oxirida biroz tiklanish kuzatildi.
Dollarning tengega nisbatan o‘zgarishi

30-iyun kuni 1 AQSh dollari 520,39 tengega teng edi. 1-iyulda kurs 519,64 tengega tushdi. 2-iyulda esa yana biroz pasayib, 519,29 tengega yetdi. 3-iyulda eng past ko‘rsatkich qayd etildi – 518,37 tenge. Biroq, 4-iyul kuni dollar kursi yana ko‘tarilib, 519,57 tengega chiqdi.
Umuman olganda, hafta davomida dollar kursi 1,82 tengega pasaydi, bu esa taxminan 0,35 foizlik kamayishni anglatadi. Mazkur o‘zgarishlar Qozog‘iston valyuta bozoridagi ichki muvozanat va tashqi iqtisodiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Qirg‘iziston
30-iyundan 4-iyulgacha bo‘lgan davrda Qirg‘izistonda AQSh dollarining rasmiy kursida katta o‘zgarishlar kuzatilmadi. Hafta davomida kurs asosan barqaror bo‘lib qoldi.
30-iyun kuni 1 AQSh dollari 87,39 so‘mni tashkil etdi. 1-iyulda dollar kursi 87,42 so‘mga biroz oshdi. 2-iyuldan 4-iyulgacha esa kurs 87,45 so‘mda saqlanib qoldi.
Dollarning somga nisbatan o‘zgarishi

Natijada hafta davomida dollar kursi atigi 0,06 so‘mga o‘sdi. Bu esa 0,07 foizlik juda kichik farqni bildiradi. Qirg‘iziston valyuta bozori ushbu davrda nisbatan barqaror bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Tojikiston
30-iyundan 4-iyulgacha bo‘lgan hafta davomida Tojikistonda AQSh dollarining rasmiy kursida pasayish kuzatildi. Dollar haftaning boshida yuqori bo‘lgan bo‘lsa-da, oxiriga kelib ancha arzonlashdi.
30-iyun kuni 1 AQSh dollari 9,90 somoniyga teng edi. 1-iyulda kurs 9,853 somoniyga tushdi. 2-iyulda biroz ko‘tarilib, 9,86 somoniyni tashkil etdi. 3-iyulda esa yana pasayib, 9,84 somoniyga tenglashdi. 4-iyulda esa eng past daraja qayd etildi – 9,77 somoniy.
Dollarning somoniyga nisbatan o‘zgarishi

Hafta davomida umumiy hisobda dollar kursi 0,13 somoniyga, ya’ni 1,31 foizga kamaydi. Bu esa Tojikiston milliy valyutasining AQSh dollariga nisbatan mustahkamlanganini ko‘rsatadi.
Turkmaniston Turkmaniston milliy valyutasining AQSh dollariga nisbati hafta davomida o‘zgarmadi – 1 AQSh dollari 3,50 turkman manatiga teng bo‘lib qolmoqda. Biroq mamlakatda valyutaning erkin konvertatsiyasi mavjud emas (O‘zbekistondagi 2017-yilgacha bo‘lgan davrni eslatadi). Shu sababli norasmiy bozorda dollar kursi rasmiy ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Avvalroq AQSh dollari kursi iyun oyida qanday o‘zgargani haqida yozgan edik.