Nissan 2026-yildan Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarni eksport qilishni boshlaydi

8-iyul 2025 12:36 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Nissan
Nissan 2026-yildan boshlab Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarni eksport qiladi / Foto: Xchuxing

Nissan kompaniyasi 2026-yildan boshlab Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarini Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Bu orqali kompaniya xorijdagi xizmat ko‘rsatish tarmog‘idan samarali foydalanishni maqsad qilgan.

Eksport qilinadigan modellardan biri – Nissan N7 sedanidir. Bu Xitoyda Nissan’ning qo‘shma korxonasi tomonidan yaratilgan ilk elektromobil bo‘lib, 2024-yil aprelida savdoga chiqdi. N7 modeli qisqa vaqt ichida 10 mingdan ortiq buyurtma to‘pladi. Uning boshlang‘ich narxi 119 900 yuanni (taxminan $16,4 mingni) tashkil etadi. U Guangjou shahridagi zavodda ishlab chiqariladi.

Foto: CarNewsChina

Mazkur modelda Xitoy kompaniyalari ishlab chiqqan sun’iy intellekt dasturi ishlatilgan. Biroq ba’zi mamlakatlarda Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlariga cheklovlar mavjud bo‘lgani sababli, Nissan eksport bozorlariga mo‘ljallangan versiyalarda dasturiy ta’minotni o‘zgartirishi kerak bo‘ladi. Shu maqsadda kompaniya IAT Automobile Technology nomli xitoylik ishlab chiquvchiga sarmoya kiritgan.

Shuningdek, 25-iyun kuni Dongfeng Motor va Nissan’ning to‘liq sho‘ba korxonasi NCIC avtomobil eksporti bilan shug‘ullanish uchun yangi qo‘shma korxona tashkil etganini e’lon qildi. Ustav kapitali 1 mlrd yuan ($140 mln) bo‘lgan korxonada Dongfeng 40%, NCIC esa 60% ulushga ega.

Nissan’ning fikricha, Xitoyda arzon narxda ishlab chiqarilgan elektromobillar xorijiy xaridorlarni jalb qilishi mumkin. Kompaniya nafaqat eksportga, balki Xitoy ichki bozoriga ham e’tibor qaratib, yil oxirigacha birinchi elektromobil pikapini taqdim etishni rejalashtirmoqda.

So‘nggi yillardagi moliyaviy qiyinchiliklar, jumladan, yangi modellarning kechiktirilgani, Nissan’ni tub islohotlarga undagan. May oyida e’lon qilingan reja asosida kompaniya 20 ming ish o‘rnini qisqartirib, 17 zavodni 10 taga birlashtirmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 15 yil avval ilk bor taqdim etilgan Nissan Leaf modelining yangi, uchinchi avlodi rasman namoyish qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek