
Bugungi kunda ko‘plab zamonaviy smartfonlar mobil o‘yinlarni bemalol ko‘tara oladi. Hatto budjet modellarning ham texnik imkoniyatlari anchayin kuchli. Biroq aynan o‘yin uchun mo‘ljallangan, yuqori unumdorlik va yaxshi optimizatsiyaga ega maxsus smartfonlar ham mavjud. Quyida mobel o‘yin uchun eng ommabop smartfonlar haqida so‘z boradi.
Asus ROG Phone 9 Pro

Bu model ayni damda eng kuchli o‘yin telefoni hisoblanadi. Ichki qismlarida Snapdragon 8 Elite protsessori, LPDDR5X tezkor xotira va yaxshilangan sovitish tizimi mavjud. 6,78 dyuymli AMOLED ekran 185 Hz yangilanish chastotasi va 2500 nit yorqinlikka ega. Telefon oldindan sovutkich va maxsus ROG Tessen geymer aksessuarlari bilan ishlashga tayyor. Batareya sig‘imi 5800 mA/soat, tez zaryad 65 Vt.
iPhone 16 Pro Max

Bu Apple’ning eng kuchli smartfoni. A18 Pro chipi bilan u nafaqat oddiy mobil o‘yinlarni, balki «katta» konsol darajasidagi o‘yinlarni ham ishlata oladi. Super Retina XDR displeyi, 120 Hz yangilanish chastotasi va 2000 nit yorqinlik bilan o‘yinlar uchun juda mos. 4685 mA/soat batareya va 30 Vt quvvatda zaryadlanadi.
Samsung Galaxy S25 Ultra

Ushbu model Android dunyosining universal flagmani. Snapdragon 8 Elite (for Galaxy) protsessori bilan ishlaydi. Ekrani katta va sifatli: 6,9 dyuymli AMOLED, 3120×1440 pikselli aniqlik va 120 Hz yangilanish chastotasiga ega. Game Booster funksiyasi bor. Sovitish tizimi yaxshi ishlaydi, ko‘p o‘yinlarda 120 fps darajada ishlashi mumkin.
Realme GT 7 Pro

Ushbu model kuchli, lekin biroz arzonroq variant. Snapdragon 8 Elite, 6500 mA/soat batareya va 120 Vt tez zaryadlash bilan jihozlangan. AMOLED ekrani 120 Hz yangilanishga ega, yorqinligi esa juda yuqori. Telefon mobil o‘yinlarda yaxshi ishlaydi, lekin kompyuter o‘yinlari uchun hali optimizatsiya yetarli emas.
Poco F7

Bu smartfon o‘z narxiga nisbatan juda foydali tanlov. Snapdragon 8s Gen 4 protsessori va katta bug‘ kamerasi sovitish tizimi bilan ta’minlangan. Ekrani 6,83 dyuymli AMOLED, 120 Hz yangilanish chastotasiga ega. Yevropada 6500 mA/soat, Hindistonda esa 7550 mA/soat batareyali versiyalari mavjud. 90 Vt tez zaryad va 22,5 Vt teskari zaryadlash funksiyasi ham bor.
Avvalroq AnTuTu foydalanuvchilarning eng sevimli smartfonlari reytingini yangilagani haqida yozgan edik.