Yangiliklar

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish masalasini muhokama qildi

Prezidentlar xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham muhokama qildi
Foto: Prezident.uz

8-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbarlari avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini kengaytirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish muhimligini qayd etdi. Hududlararo aloqalar, madaniy-gumanitar hamda ta’lim yo‘nalishidagi almashinuvlar haqida ham fikr almashildi.

Tomonlar shu yil kuzda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentlar xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham muhokama qilib, yaqin kelajakdagi qo‘shma tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev va Putin Minskda uchrashgani haqida xabar bergan edi.