O‘zbekiston xalqaro zahiralari iyun oyida kamaydi

2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zahiralari $48,5 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan $1,1 mlrdga kam.
Asosiy sabab — xorijiy valyutadagi zahiralar keskin qisqargani bo‘lib, iyun oyida ularning qiymati deyarli $1,9 mlrd kamayib, $9,6 mlrdga tushdi.
Biroq oltin zahiralari hajmi qariyb 10 tonnaga oshdi. Ularning qiymati $763 mln ko‘payib, $38,4 mlrdga yetdi.
Oltin-valyuta zahiralari mamlakat uchun muhim «xavfsizlik yostig‘i» hisoblanadi — ular tashqi qarzlarni to‘lash, importni moliyalashtirish va favqulodda holatlarda zarur bo‘ladi.
Hozirgi paytda bu zahiralar O‘zbekistonning taxminan 14 oylik import xarajatlarini qoplashga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yil boshidan buyon eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgani haqida yozgan edik.