Yangiliklar

O‘zbekiston xalqaro zaxiralari iyun oyida kamaydi

Hozirgi zaxiralar O‘zbekistonning 14 oylik import xarajatlarini qoplashga yetadi
O‘zbekiston xalqaro zaxiralari iyun oyida kamaydi / Foto: FXDG

2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari $48,5 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan $1,1 mlrdga kam.

Asosiy sabab – xorijiy valyutadagi zaxiralar keskin qisqargani bo‘lib, iyun oyida ularning qiymati deyarli $1,9 mlrd kamayib, $9,6 mlrdga tushdi.

Biroq oltin zaxiralari hajmi qariyb 10 tonnaga oshdi. Ularning qiymati $763 mln ko‘payib, $38,4 mlrdga yetdi.

Oltin-valyuta zaxiralari mamlakat uchun muhim «xavfsizlik yostig‘i» hisoblanadi. Ular tashqi qarzlarni to‘lash, importni moliyalashtirish va favqulodda holatlarda zarur bo‘ladi.

Hozirgi paytda bu zaxiralar O‘zbekistonning taxminan 14 oylik import xarajatlarini qoplashga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yil boshidan buyon eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgani haqida yozgan edik.