O‘zbekistonda diplomatik vakolatxonasi yo‘q davlatlarga viza olish osonlashadi – TIV

Tashqi ishlar vazirligida VFS Global kompaniyasining MDH va Sharqiy Yevropa bo‘yicha direktori Mishra hamda O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda VFS Global’ning O‘zbekistondagi ofislarini ko‘paytirish, jamoaviy arizalar bo‘yicha sayyor qabullar joriy etish va vizalarni masofadan rasmiylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sayyor qabullar pullik xizmat shaklida yo‘lga qo‘yilib, Toshkent yoki Samarqandga bormasdan chekka hududlardagi fuqarolarga viza olishda yordam beradi.
Shuningdek, Kanada, Avstraliya, Argentina kabi O‘zbekistonda diplomatik vakolatxonasi bo‘lmagan davlatlarga viza rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish, biometrik ma’lumotlarni mahalliy ofislarda topshirish va onlayn suhbat imkoniyatlarini joriy etish taklif qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya vizalarida apellyatsiya tartibi bekor qilingan edi.