Yangiliklar

O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 millionga yaqinlashdi

O‘tgan yilga nisbatan 2 foizga oshgan
O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 millionga yaqinlashdi. Foto: nmessana/Depositphotos

1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 million 859 ming 698 nafarga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 2 foizga oshgan. O‘tgan yili 37 134,2 ming kishini tashkil etgan.

Hozirda mamlakatda 19,1 million nafar erkak, 18,8 million nafar ayol istiqomat qilmoqda. Shuningdek, 19,3 million kishi shaharlarda, 18,6 million kishi esa qishloq joylarda yashaydi.

Shuningdek, 1-aprel holatiga ko‘ra, hududlar kesimida esa eng ko‘p aholi Samarqand (4,3 mln) va Farg‘ona (4,1 mln) viloyatlarida qayd etilgan. Toshkent shahri aholisi 3,1 milliondan oshgan.

Shuningdek, Qashqadaryoda 3,6 mln, Andijonda 3,4 mln, Namanganda 3,1 mln, Surxondaryoda 2,9 mln va Buxoro viloyatida 2 mln nafardan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Eng kam aholi soni esa Sirdaryo viloyatida – 934,5 ming kishi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston aholisining qancha qismi mehnatga layoqatli ekanligi haqida yozgandi.

Milliy statistika qo‘mitasi 1-aprel holatiga doimiy aholi soni bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni taqdim etdi. 

Unga ko‘ra, aholining yosh guruhlari bo‘yicha tarkibi quyidagicha taqsimlangan: mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar soni 12 mln 116,3 ming nafarni (32,1 %) tashkil etadi. Mehnatga layoqatli yoshdagilar – 21 mln 112,5 ming kishi (56,0 %), mehnatga layoqatli yoshdan kattalar esa 4 mln 469 ming kishini (11,9 %) tashkil etmoqda.