Porsche yangi Cayenne Electric modelining ilk suratlarini namoyish etdi

8-iyul 2025 17:56 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Porsche yangi Cayenne Electric modelining ilk suratlarini namoyish etdi. Foto: Porsche

Germaniyaning Porsche kompaniyasi yangi Cayenne Electric modelini ilk bor Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan avtomobil tadbirida taqdim etdi. Bu haqda Auto Mailru nashri xabar berdi.

Bu model Cayenne oilasining elektromobilga aylangan ilk vakili bo‘ladi va uning rasmiy debyuti 2026-yilga rejalashtirilgan.

Taqdimot «Shelzli-Uolsh» tepalikka chiqish musobaqasida o‘tkazildi. Tadbir davomida yangi model prototipi maxsus kamuflyajda taqdim etildi. Uni britaniyalik teleboshlovchi Richard Hammond hamda Formula E poygachisi Gabriela Jilkova sinovdan o‘tkazdi.

Foto: Porsche

Aynan Jilkova ushbu elektromobilni tepalikka atigi 31,28 soniyada haydab chiqdi – bu krossoverlar uchun rekord natija hisoblanadi.

Tadbir davomida elektromobilning amaliy imkoniyatlari ham sinovdan o‘tkazildi: prototip yuk avtomobiliga ulangan 3,5 tonnalik treylerni osongina tortdi. Treylerda Richard Hammondga tegishli klassik avtomobil joylashtirilgan edi.

Foto: Porsche

Porsche Cayenne Electric Audi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan PPE (Premium Platform Electric) platformasida tayyorlangani taxmin qilinmoqda. Bu platforma ilgari elektr Macan modelida qo‘llanilgan edi. Ekspertlar fikricha, yangi Cayenne Electric’ning eng kuchli versiyasi 1000 ot kuchigacha quvvat ishlab chiqarishi mumkin.

«Kompaniya Cayenne’ning hozirgi benzinli versiyasini 2030-yilgacha ishlab chiqarishda davom etadi», – deya xabar bermoqda brend vakillari.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mart oyida Porsche Macan endilikda faqat elektr versiyada chiqarilishi haqida yozgandi.

Bu o‘zgarish kompaniyaning moliyaviy hisobotida tasdiqlangan bo‘lib, Porsche elektromobillar bozoriga bo‘lgan e’tiborini yanada kuchaytirayotganini ko‘rsatadi. Yevropada ichki yonuv dvigateliga ega Macan’ning sotilishi allaqachon to‘xtatilgan. 2025-yildan boshlab butunlay elektr versiyasiga o‘tiladi.

Shuningdek