Lifestyle

Qozog‘istonda quroq ko‘rpa yig‘ish bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatildi

Quroqchilarning eng kichigi 6 yoshda, eng kattasi 90 yoshda
Qozog‘istonda quroq ko‘rpa yig‘ish bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatildi. Foto: Kazinform

Qozog‘istonda quroq ko‘rpa yig‘ish bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatildi. Bu haqda Qazaqparat agentligi xabar berdi.

Olmaotada quroq ko‘rpa yig‘ish bo‘yicha noyob madaniy tadbir o‘tkazildi. Alaman quroq jamoasi tashabbusi bilan Medeu muz maydonining butun yuzasini qamrab olgan quroq ko‘rpa yig‘ildi.

Mazkur ish Global Book of Records (GBR) Jahon rekordlari kitobi vakillari tarafidan baholandi. Kitobining Osiyo va Afrika bo‘yicha bosh inspektori Quandik Qudaybergenov ushbu tashabbus qanday amalga oshirilganini ochiqladi.

«Dunyo bo‘yicha mashhur to‘rtta jahon rekordlari kitobi bor. Shulardan Global Book of Records madaniy rekordlarga alohida e’tibor qaratadi. Bizning Mumbay va Dubaydagi ofislarimizga Qozog‘istonning Alaman quraq jamoasidan etno-rekordni ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi tushdi. Bizni qiziqtirgani, Qozog‘istonning barcha 20 hududidan 660 quroqchi ishtirok etdi. Ikkinchidan, bizning kitobimiz YUNESKOning moddiy madaniy merosni asrash dasturlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sabab bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildik. Chunki quroq ko‘rpaning tarixi 2,5 ming yilga borib taqaladi», – dedi u.

Shuningdek, Quandik Qudaybergenov Olmaotada o‘rnatilgan rekordning o‘ziga xosligini ham aytib o‘tdi.

«Bu quroqning o‘ziga xosligi shundaki, rekord o‘rnatish taklifiga ko‘ra, quroq ko‘rpalar bir xil rangda, bir xil og‘irlik va o‘lchamdagi bitta materialdan tikilgan. Dunyo bo‘yicha hech bir kitobda bunday rekord ro‘yxatdan o‘tmagan», – deydi inspektor.

Uning aytishicha, rekordni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘ilgan quroq ko‘rpalarining o‘lchamlarini u o‘zi hamda Chexiya va Fransiya mutaxassislari tekshirgan. Yakuniy qaror esa Mumbaydagi bosh ofis tomonidan qabul qilingan.

Tashkilotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda ishtirok etgan quroqchilarning eng kichigi 6 yoshda, eng kattasi 90 yoshda bo‘lgan. Ulardan 660 kishidan 5 nafari erkak, 24 nafari bola va 17 nafari o‘smir. Hududlar bo‘yicha eng katta delegatsiya Olmaota shahri (93 kishi) va Turkiston viloyatidan (99 kishi) bo‘lgan.

Quroqchilarning eng kichigi 6 yoshda, eng kattasi 90 yoshda. Foto: Kazinform

Alaman quroq loyihasining asoschisi Nurgul Abayxanning aytishicha, loyiha ketma-ket uchinchi yil o‘tkazilib, har yili rekord yangilanib bormoqda.

«Birinchi yili 200 quroqchi Qozog‘iston rekordlar kitobiga kirdi. O‘tgan yili 5-Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari doirasida 450 quroqchi 450 ko‘rpa tikdi. Bu yil 660 quroqchi mamlakatimizning barcha hududidan kelib ko‘rpa to‘shamoqda. Hammasi bir xil andozada tayyorlanib, oldindan tikib keltirildi va bir-biriga ulanib katta gilam hosil qilindi. Loyihaning asosiy maqsadi – qozoqning quroq ko‘rpasini dunyoga tanitish. Bugungi kunda mingga yaqin odamni birlashtirdik. Bu loyiha shu bilan to‘xtamaydi. Quroqchilar faqat ko‘rpa tikish bilan cheklanmaydi, balki milliy urf-odatlarni targ‘ib qiladi, quroqni milliy brend sifatida rivojlantirishga hissa qo‘shadi», – deydi Nurgul Abayxan.

Avvalroq Qozog‘istondagi birinchi raqamli buqani aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi haqida yozgandik.

Mazkur tanlov an’anaviy qishloq xo‘jaligi forumi doirasida Ostona shahridan 20 km uzoqlikdagi Nuresil qishlog‘ida o‘tkaziladi. G‘olibga esa YTO traktori topshiriladi.