Rossiyaning sobiq transport vaziri o‘z joniga qasd qildi

2025-yil 7-iyul kuni Moskva viloyatining Odintsovo tumani hududida Rossiyaning sobiq transport vaziri Roman Starovoytning jasadi o‘qotar quroldan jarohatlangan holda topildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenko ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
Hozirda Moskva viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasining Bosh tergov boshqarmasi hodimalari hodisa joyida ishlamoqda. Voqea tafsilotlari aniqlanmoqda, asosiy versiya — o‘z joniga qasd.
Voqea aslida qanday sodir bo‘lgan
Xuddi shu kuni ertalab Rossiya prezidenti Vladimir Putin Roman Starovoytni transport vaziri lavozimidan ozod etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Hujjat rasmiy huquqiy axborot internet-portalida e’lon qilindi. Biroq uning ishdan ketish sabablari ochiqlanmadi.
Transport vaziri vazifasini bajaruvchi etib Andrey Nikitin tayinlandi. U bungacha Novgorod viloyati gubernatori va transport vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Starovoytning lavozimidan ketishi ishonch yo‘qotilishi bilan bog‘liq emas. Bunday ibora farmonda qayd etilmagan.
O‘lim holatlari
Roman Starovoyt 7-iyul ertalab Transport vazirligiga kelgan va odatdagidek ish tutgan. U o‘z yordamchilari bilan ertalabki reja yig‘ilishini o‘tkazgan. Haftalik vazifalarni muhokama qilgan va topshiriqlarni nazorat qilgan.
U o‘zining lavozimidan ozod etilishi mumkinligini taxmin qilgan, ammo bu haqida rasman faqat ertalab xabar topgan. Soat 09:15 da prezident farmoni haqida OAVda e’lon paydo bo‘lgan.
Oradan 5 daqiqa o‘tib, u kotibasiga soat 09:35 ga mashina tayyorlashni buyurgan. Kabinetiga kirib, eshikni yopgan. Belgilangan vaqtda hech kim bilan xayrlashmasdan binoni tark etgan.
Manbalariga ko‘ra, fojiadan bir necha soat oldin u qizi ishtirok etgan sport musobaqasiga borgan va u yerda bir soatdan kamroq vaqt bo‘lgan. Marhum uyga qaytib, mukofot sifatida berilgan to‘pponchasini olib, Malevich bog‘i tomon yo‘l olgan.
U mashinada o‘z joniga qasd qilmagan. Uning jasadi bosh qismidan o‘q yegan holatda «Tesla» avtomobilidan bir necha metr narida, butalar orasida topilgan. Yonida esa qurol yotgan.
Hozirda tergovchilardan iborat maxsus guruh voqea joyida ishlamoqda. Bog‘ hududi o‘rab olingan.
Ehtimoliy sabablar
Roman Starovoyt 2024-yil may oyida Transport vazirligi rahbari etib tayinlangan edi. Ungacha u Kursk viloyati gubernatori bo‘lgan.
Vedomosti nashrining manbalariga ko‘ra, uning o‘z joniga qasd qilishi ehtimoliy jinoiy ta’qib bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Sobiq Kursk gubernatori Aleksey Smirnov unga qarshi ko‘rsatma bergani aytilmoqda. Smirnov Ukrainaga tutash hududda mudofaa inshootlari qurilishi uchun ajratilgan 1 mlrd rubl mablag‘ o‘zlashtirilishiga oid jinoiy ishda gumonlanuvchi sifatida tergov qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri oʻz joniga qasd qilishga uringan edi.