
Sayyohlar uchun Singapurdan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri charter reyslar tashkil etiladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Singapurning yetakchi turoperatorlaridan biri – Chan Brothers Travel kompaniyasi joriy yilning dekabr oyidan O‘zbekistonga yuzlab turistlarni olib kelishni rejalashtirmoqda. Ushbu maqsadda Singapurdan O‘zbekistonga charter parvozlar yo‘lga qo‘yiladi.
To‘qqiz kunlik tur doirasida Singapur va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarga tashrif buyuradi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, betakror me’moriy yodgorliklari, go‘zal tabiati, mahalliy aholining urf-odatlari va milliy taomlari bilan tanishadi.
Charter parvozlarni targ‘ib qilish maqsadida Chan Brothers Travel kompaniyasi O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus marketing kampaniyasini boshlaydi. Shu bilan birga, Singapurda o‘tkaziladigan turistik ko‘rgazmalarda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, Singapurning xitoy va malay tillaridagi mashhur radioboshlovchilar ham sayohatchilar bilan birga O‘zbekistonga yuboriladi.
Avvalroq Uzbekistan Airports Singapurdagi «Changi» aeroporti vakillari O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi.
«Changi» aeroporti vakillari ushbu tashabbusga katta qiziqish bildirgan holda, Singapurdagi sayyohlik kompaniyalarining O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibori ortib borayotganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, logistika, marketing yordami hamda zarur tartib-qoidalarni aniqlashtirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.