Senat IMEI ro‘yxatga olishdagi muammolar yuzasidan vazirga murojaat yo‘lladi

Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nomiga senator so‘rovi yubordi. Unga ko‘ra, IMEI-kod orqali qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida yuzaga kelgan muammolar yuzasidan chora ko‘rish so‘ralmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yildan boshlab telefon olib kirishda majburiy deklaratsiya talab qilinmoqda. Agar bu bajarilmasa, UZIMEI tizimida ro‘yxatga olish uchun bojxona qiymatining 30 foizi to‘lanadi. Ayni vaqtda uzimei.uz, my.gov.uz saytlarida va «Birda» ilovasida texnik cheklovlar mavjud bo‘lib, xizmat haqlari sun’iy oshirilayotgani aytilmoqda.
Shuningdek, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodni alohida va faqat ilgari ro‘yxatga olingan joyda rasmiylashtirish talabi fuqarolarga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu bois senator vazirdan 10 kun ichida bu muammolar bo‘yicha axborot taqdim etishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telefonni bojxona orqali qanday olib kirish va UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnoma taqdim etilgan edi.