Gadjetlar

Telefon sekin ishlasa, qanday choralar qo‘llash kerak

Kursiv.uz bu borada samarali natija beruvchi bir necha usullarni to‘pladi
Telefon sekin ishlasa, qanday choralar qo‘llash kerak / Foto: Sun’iy intellekt

Telefonlarning sekin ishlashi bugungi kunda ko‘pchilik foydalanuvchilar duch keladigan muammolardan biridir. Dastlab juda tez va qulay ishlagan smartfon bir necha oy yoki yillardan so‘ng sekinlasha boshlaydi. Bu holat nafaqat foydalanuvchining asabiga tegadi, balki kunlik ishlar samaradorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo vahima qilishga hojat yo‘q. Kursiv Uzbekistan telefoningizni avvalgi holatiga qaytishiga yordam beradigan bir necha oddiy tavsiyalarni to‘pladi.

Ushmu maqolada quyidagi usullari bilan tanishasiz:

Foto: PCMag

Telefonni o‘chirib yoqish

Eng avvalo, telefonni qayta yoqib ko‘rish tavsiya etiladi. Bu juda sodda bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin mazku usul amalda telefon xotirasini tozalaydi va tizimda to‘planib qolgan vaqtinchalik nosozliklarni bartaraf etadi. Ayrim hollarda faqatgina qayta yuklashning o‘ziyoq sezilarli natija beradi.

iPhone (iOS) telefonlarini o‘chirish uchun iPhone X va undan keyingi modellarda yon tugma va ovoz balandligi tugmasidan birini birgalikda bosib turing, so‘ng ekranda paydo bo‘lgan «O‘chirish uchun suring» yozuvini suring. iPhone 8 va undan oldingi modellar uchun esa faqat yon tugmani bosib tursangiz kifoya. Telefonni qayta yoqish uchun esa uni o‘chgan holatda yon tugmasini bosib turing.

Foto: AVG

Android telefonlarini o‘chirishda esa odatda quvvat tugmasini bir necha soniya bosib turish kerak bo‘ladi. So‘ng «O‘chirish» yoki «Qayta yuklash» degan menyular paydo bo‘ladi — siz «O‘chirish»ni tanlaysiz. Telefonni yoqish uchun esa, o‘chgan holatda quvvat tugmasini bosib tursangiz bas.

Foto: PYT

Ochiq dasturlarni yopish

Android va iPhone qurilmalarida ko‘plab ilovalarning bir vaqtning o‘zida ochiq bo‘lishi telefonning sekinlashishiga va batareya quvvatining tez tugashiga olib keladi. Shuning uchun ilovalarni ishlatib bo‘lgach, ularni yopib yurish tavsiya etiladi. Androidda pastki qismdagi so‘nggi ilovalar tugmasini bosib, kerakmas ilovani yuqoriga surib yoping yoki «Barchasini yopish» tugmasidan foydalaning. Yangi iPhone modellarda esa ekranning pastki qismidan yuqoriga suring, barmog‘ingizni bir oz ushlab turing, so‘ng ilovani yuqoriga surib yoping.

Agar telefoningiz hali ham sekin ishlashda davom etsa, fon rejimida ishlayotgan ilovalarni yoping. Chunki ko‘plab ilovalar yashirincha ishlayveradi va bu tizimga yuklama beradi.

Foto: Blackview

Kesh fayllarni tozlash

Kesh fayllarini muntazam tozalash foydali hisoblanadi. Ilovalar foydalanish jarayonida vaqtinchalik fayllarni to‘playdi va ular ortib borishi bilan telefon xotirasini band qiladi. Android tizimida bu fayllarni maxsus bo‘lim orqali osongina tozalash mumkin.

Androidda keshni tozalash ketma-ketligi:

  1. Sozlamalar menyusiga kiring (Settings / Настройки);
  2. Ilovalar bo‘limini oching (Apps / Приложения);
  3. Keshini tozalamoqchi bo‘lgan ilovani tanlang (Select the app / Выберите приложение);
  4. Saqlash bo‘limiga kiring (Storage / Память);
  5. Keshni tozalash tugmasini bosing (Clear cache / Очистить кэш).
Foto: Avast

iPhone foydalanuvchilari esa ilovani o‘chirib qayta o‘rnatish yoki uning keshini ilova sozlamalari orqali tozalashlari mumkin. Keshni tozalashdan tashqari, telefon xotirasida bo‘sh joy qoldirish ham muhim – foydalanilmayotgan ilova va fayllarni o‘chirib tashlash telefon ish faoliyatini yanada yengillashtiradi.

iPhone’da keshni tozalash ketma-ketligi:

  1. Sozlamalar menyusiga kiring (Settings / Настройки);
  2. Umumiy bo‘limini oching (General / Основные);
  3. iPhone xotirasiga kiring (iPhone Storage / Хранилище iPhone);
  4. Ilovani tanlang (Select the app / Выберите приложение);
  5. Ilovani yukdan tushirish tugmasini bosing (Offload App / Выгрузить приложение) — bu vaqtinchalik fayllarni o‘chiradi, lekin asosiy ma’lumotlar saqlanadi.

Tizim va ilovalarni yangilash

Telefon tizimi va undagi ilovalarni doimiy ravishda yangilab borish ham juda muhim. Ishlab chiquvchilar yangilanishlar orqali xatoliklarni tuzatadi, xavfsizlikni oshiradi va ilovalarning tezligini yaxshilaydi. Telefoningizdagi dasturiy ta’minotni so‘nggi versiyada saqlash orqali siz ham tez, ham barqaror ishlovchi qurilmaga ega bo‘lasiz. Ayniqsa eski telefonlar uchun bu juda zarur.

Android telefonlarda ilovalarni yangilash uchun:

  • Barchasini yangilash tugmasini bosing (Update all / Обновить все);
  • Play Market ilovasini oching (Play Store / Play Market);
  • Yuqori o‘ng burchakdagi profil belgisini bosing;
  • Ilovalar va qurilma boshqaruviga o‘ting (Manage apps and device / Управление приложениями и устройством);
  • Yangilanishlar mavjud bo‘limini tanlang (Updates available / Доступны обновления).

iPhone qurilmalarda ilovalarni yangilash uchun:

  • Kerakli ilovani yangilang yoki Barchasini yangilash tugmasini bosing (Update all / Обновить все);
  • App Store ilovasini oching (App Store);
  • Ekranni pastga siljiting;
  • Yangilanishlar bo‘limiga o‘ting (Updates / Обновления).
Foto: Envato

Animatsiyalarni o‘chirish

Ayrim foydalanuvchilar animatsiyalarni o‘chirib qo‘yish orqali sezilarli darajada yengillik sezishadi. Bu ayniqsa Android foydalanuvchilari uchun foydali bo‘lib, tizim sozlamalaridan kirib animatsiyalar tezligini kamaytirish yoki butunlay o‘chirib qo‘yish mumkin.

Foto: Tech Advisor

Viruslardan tozalash

Zararli dastur yoki viruslar ham sekinlashuvning sababi mumkin. Ba’zida foydalanuvchilar bilmagan holda shubhali ilovalarni o‘rnatib yuboradilar. Bu esa telefonning umumiy ish faoliyatiga ta’sir qiladi. Ishonchli antivirus dasturlari orqali telefoningizni tekshirib ko‘ring va zararli ilovalarni zudlik bilan o‘chiring.

Android telefonlar uchun Avast, Bitdefender, Kaspersky, Malwarebytes va ESET ilovalari viruslardan himoya qiluvchi ishonchli dasturlar hisoblanadi. iPhone qurilmalarda esa Norton, McAfee, Avira, Lookout va Bitdefender xavfsizlikni ta’minlovchi samarali ilovalar sifatida tavsiya etiladi.

Foto: Tom’s Guide

Sozlamalarni ilk holiga qaytarish

Agar yuqoridagi choralar yordam bermasa, oxirgi chora sifatida telefonni zavod sozlamalariga qaytarish mumkin. Bu orqali telefon butunlay tozalanadi va dastlabki holatiga qaytadi. Ammo bunday usulga murojaat qilishdan oldin barcha muhim ma’lumotlaringizning zaxira nusxasini olishni unutmang.

Foto: Pocket-Lint

Android telefonlarda qurilmani zavod holatiga qaytarish uchun:

  • Sozlamalar menyusiga kiring (Settings / Настройки);
  • Tizim bo‘limini tanlang (System / Система);
  • Qayta tiklash bo‘limiga o‘ting (Reset / Сброс);
  • Zavod sozlamalarini tiklashni tanlang (Factory data reset / Сброс настроек);
  • Amaliyotni tasdiqlang — qurilma zavod holatiga qaytadi.
Foto: SimplyMac

iPhone qurilmalarda qurilmani zavod holatiga qaytarish uchun:

  • Sozlamalar menyusiga kiring (Settings / Настройки);
  • Umumiy bo‘limini tanlang (General / Основные);
  • iPhone’ni o‘chirish va qayta sozlash bo‘limiga o‘ting (Transfer or Reset iPhone / Сброс или передача iPhone);
  • Barcha sozlamalarni o‘chirish tugmasini tanlang (Erase All Content and Settings / Удалить контент и настройки).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xarid qilishga arziydigan beshta eng yaxshi smartfon haqida yozgan edik.