Tramp va Netanyaxu G‘azo taqdirini muhokama qildi

eʼlon qilindi
Uchrashuvda Eron bilan muzokaralar rejalari, G‘azo sektoridagi falastinliklarni boshqa davlatlarga ko‘chirish tashabbusi ko‘rildi
Foto: ABC News

Donald Tramp va Benyamin Netanyaxu dushanba kuni Vashingtonda uchrashdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Uchrashuvda Eron bilan muzokaralar rejalari, G‘azo sektoridagi falastinliklarni boshqa davlatlarga ko‘chirish tashabbusi va Isroil-Hamas o‘rtasidagi sulh masalalari muhokama qilindi.

Netanyaxu matbuot oldida bergan bayonotida AQSh va Isroil boshqa davlatlar bilan birgalikda G‘azo aholisi uchun «yaxshiroq kelajak» ta’minlash ustida ishlayotganini aytdi.

«Kim qolishni xohlasa — qolsin, lekin chiqishni istaganlar uchun bu imkoniyat bo‘lishi kerak», — degan u.

Tramp esa qo‘shni davlatlarning bu reja bo‘yicha hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

«Barcha qo‘shni davlatlar bilan ajoyib hamkorlik qilyapmiz. Yaxshi natijalar kutyapmiz», — dedi Tramp.

Tramp ilgari G‘azo sektorini «Yaqin Sharqning Rivyerasi»ga aylantirish va falastinliklarni ko‘chirish g‘oyasini ilgari surgan edi. Bu taklif G‘azo aholisi va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan etnik tozalash sifatida tanqid qilingan.

Donald Tramp va Benyamin Netanyahu nimani muhokama qildi / Foto: Financial Times

Netanyaxuning AQShga tashrifi Netanyaxu va Tramp o‘rtasidagi uchinchi uchrashuv bo‘lib, Isroil va Hamas o‘rtasidagi sulh va garovga olinganlarni ozod qilish muzokaralariga turtki berishi kutilmoqda. Isroil delegatsiyasi ayni vaqtda Qatarda Hamas bilan bilvosita muzokaralar olib bormoqda.

Uchrashuvdan oldin Tramp Eron yadro inshootlariga zarba berib, Isroilning harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan edi. Keyinchalik u Eron bilan sulhga erishish va sanksiyalarni olib tashlash imkonini ko‘rib chiqishini aytdi.

Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Vitkoff muzokaralar yaqin haftalarda boshlanishini ma’lum qildi.

Netanyaxu va Tramp Oq uyda rasmiy muzokara emas, balki yopiq kechki ovqat shaklida uchrashuv o‘tkazishdi. Oq uy tashqarisida esa yuzlab norozilar to‘planib, «Isroilga qurol yetkazishni to‘xtating» va «Genotsidga yo‘q deylik» degan shiorlar ko‘tarishdi. Ayrimlar Netanyaxuni hibsga olishni talab qilib, Xalqaro jinoiy sudning G‘azodagi urush jinoyatlari bo‘yicha chiqargan orderini eslatishdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Netanyaxu Trampni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek