Yangiliklar

2045-yilga qadar Toshkent taraqqiyotining «Yo‘l xaritasi» shakllantirilmoqda

Shaharning tashqi qiyofasi va infratuzilma standartlarini belgilaydi
2045-yilga qadar Toshkent taraqqiyotining «Yo‘l xaritasi» shakllantirilmoqda / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Yangi Toshkent uchun ishlab chiqilgan «yechimlar atlasi» taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bu hujjat 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejaning mantiqiy davomi bo‘lib, shaharning tashqi qiyofasi, obodonlashtirish va infratuzilma standartlarini belgilaydi.

Atlas besh kitobdan iborat bo‘lib, unda jamoat joylarini loyihalash, yo‘lbo‘yi hududlarni obodonlashtirish, binolar fasadini yagona me’moriy uslubga keltirish bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan.

Yangi yondashuvga ko‘ra, yo‘llar binodan binogacha tartibda quriladi, bu esa shahar muhitining yaxlitligini ta’minlaydi. Atlas barqaror rivojlanish va milliy kolorit uyg‘unligini ko‘zda tutadi.

Taqdimotda shahar qiyofasini yaxshilash, yashash sifatini oshirish, arxitektura va madaniyat uyg‘unligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent halqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15 – 20 kilometrga uzaytirilishi haqida yozgan edik.