Yangiliklar

Aksa Enerji Qashqadaryodagi issiqlik elektr stansiyasini to‘liq ishga tushirdi

Stansiya 430 megavatt quvvatga ega
Foto: Anadolu Agency

Turkiyaning xususiy elektr ishlab chiqaruvchisi Aksa Enerji O‘zbekistondagi to‘rtinchi loyihasi – Tolimarjon gaz kombinatsiyalashgan issiqlik elektr stansiyasini to‘liq quvvatda ishga tushirdi. Bu haqda Bloomberg HT nashri xabar berdi.

Ushbu stansiya 430 megavatt quvvatga ega. Ilgari Toshkent A, Toshkent B va Buxoro elektr stansiyalari ishga tushirgan.

«Mazkur loyiha O‘zbekiston hukumati va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, u ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tolimarjon stansiyasi nafaqat elektr ta’minoti xavfsizligini oshiradi, balki mahalliy bandlikni rivojlantirib, ta’minot zanjirini kuchaytiradi hamda mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo‘shadi», – dedi Aksa Enerji boshqaruvi raisi va bosh direktori Jemil Qozonji.

Kompaniya bu galgi loyihasi bilan O‘zbekistonda umumiy ishlab chiqarish quvvatini 1 220 megavattga yetkazdi. Aksa Enerjining hozirda yetti mamlakatdagi stansiyalarining umumiy quvvati 3 124 megavattni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bo‘stonliqda yirik shamol elektr stansiyasi barpo etilayotgani haqida yozgandi.