Yangiliklar

Bir oyda 10 martadan ko‘p qoida buzgan haydovchi olti oyga guvohnomasidan ayriladi

Yo‘llarda tartibni o‘rnatish uchun «Surunkali qoidabuzarlar» dasturi joriy etiladi
O‘zbekiston haydovchilari
O‘zbekiston haydovchilari Rossiyada ishga taklif qilinmoqda / Foto: Facebook

Bir oyda 10 martadan ko‘p qoida buzgan haydovchi olti oyga guvohnomasidan ayriladi. Bu haqda prezident rahbarligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Endilikda yo‘llarda tartibni o‘rnatish uchun «Surunkali qoidabuzarlar» dasturi joriy etiladi. Qarama-qarshi yo‘ldan yurish, qizil chiroqda o‘tish bir oyda ikki marta takrorlansa yoki tezlik besh marta oshirilsa, bir yil davomida jarimalardan chegirma berilmaydi.

Shuningdek, me’yoridan ikki-uch barobar tez haydaganlar uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, haydovchi qoida buzilgan kundan bir oy ichida qaror chiqmasa, jarima to‘lamaydi. IIV viloyat hokimlari bilan birga tezlik cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish mumkin bo‘lgan yo‘l uchastkalari ro‘yxatini shakllantiradi.

Shu bilan birga, prezident barcha asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirig‘ini berdi. Tashkilot va mahallalarda noqonuniy «parkovka» qilganlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tirbandliklarni kamaytirish uchun «Intellektual transport» axborot tizimi ishga tushirilishi haqida xabar bergandi.