
O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyalariga to‘xtagan ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni jarimaga tortish taklif etildi.
7-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan ochiq muloqotda, Tokbor elektr zaryadlash stansiyalari tarmog‘i vakili Aziz Parpiyev shu boradagi tashabbus bilan chiqdi.
Uning aytishicha, elektromobil egalari ochiq turargohlardagi zaryadlash joylarini benzinli mashinalar egallab olayotgani, bu esa quvvatlash imkoniyatini deyarli imkonsiz holga keltirishi bo‘yicha shikoyatlar yo‘llagan.
Tokbor vakillari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga elektromobillar uchun ajratilgan quvvatlash hududlariga boshqa transport vositalarining kirishini taqiqlovchi va javobgarlikni nazarda tutuvchi moddani kiritishni taklif qilmoqda.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ushbu taklifni «asosli va o‘z vaqtida» deb baholab, uni rasmiy bayonnomaga kiritdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan elektromobillarni quvvatlantirish narxi qimmatlagani haqida yozgandi.