Yangiliklar

Eng muammoli yo‘l uchastkalari elektron portal orqali aniqlanadi

Ichki yo‘llarni tartibga keltirish bo‘yicha viloyat va tuman hokimlari mas’ul bo‘ladi
Eng muammoli yo‘l uchastkalari elektron portal orqali aniqlanadi. Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev eng muammoli yo‘l uchastkalarini aniqlash maqsadida maxsus elektron portalni ishga tushirish topshirig‘ini berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Endilikda tuman hokimlari va ichki ishlar bo‘limi rahbarlari ushbu portalda qayerga yo‘l belgisi, chiziq, piyoda yo‘lagi yoki svetofor o‘rnatilishi kerakligi haqida ma’lumotni smetasi bilan birga ochiq joylashtiradi.

Aholi ham ro‘yxatni to‘ldirishi va loyihalarga ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Amalga oshirilgan ishlarning video va fotosuratlari portalga joylashtiriladi va ularni aholining o‘zi baholaydi.

Shuningdek, «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi mablag‘ini shakllantirishda barcha viloyat va tumanlarning moliyaviy imkoniyatlari bir xil emasligi inobatga olinib, mablag‘larni loyiha asosida hududlarga adolatli taqsimlash vakolati ham jamg‘armaga beriladi.

Ichki yo‘llarni tartibga keltirish bo‘yicha viloyat va tuman hokimlari mas’ul bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.