
Farg‘ona viloyatida qalbakilashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqargan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida xususiy korxonasining Farg‘ona shahri va Toshloq tumanidagi dorixonalarida boshqa korxonaga tegishli yorliqlar bilan qadoqlangan 2081 dona «Natriy xlorid», «Metronidazol» va «Levofloksatsin» dorilari topildi.
Tekshiruv davomida MChJ rahbariga tegishli ruxsatnomalarsiz yashirin tarzda dori ishlab chiqargani fosh etildi. U Toshloq tumanidagi sexda yuqoridagi dori vositalarini ishlab chiqargan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda qalbaki valyuta savdosi fosh etilgan edi.