Yangiliklar

O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaga oid sud jarayonlari yuzasidan bildirilgan da’volarni inkor etdi

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy markazi tomonidan eʼlon qilingan rasmiy bayonotda aytildi
Gulnora Karimovaga oid sud jarayonlari bo‘yicha da’volar rad etildi. Foto: Facebook

Oʻzbekiston hukumati Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari qonunchilikka toʻliq muvofiq holda koʻrib chiqilganini bildirdi. Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy markazi tomonidan eʼlon qilingan rasmiy bayonotda aytildi.

Bayonot BMT Inson huquqlari kengashining oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar boʻyicha ishchi guruhi tomonidan bildirilgan mulohazalarga javoban eʼlon qilindi. Unda Karimovaga qoʻzgʻatilgan barcha jinoyat ishlari jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik hamda xalqaro majburiyatlarga qatʼiy rioya etilgan holda olib borilgani taʼkidlangan.

Sudlov jarayonida himoya huquqi taʼminlangan, advokat bilan maxfiy muloqot va ish materiallari bilan tanishish imkoniyati berilgan. Hibs, tergov va sud muhokamalari belgilangan tartibda oʻtgan boʻlib, «oshxonada sud qilingan» kabi daʼvolar asossiz deb topilgan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Karimovaga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni — soliqlardan boʻyin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini oʻzlashtirish kabi jinoyatlarni tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida qabul qilingan.

Hukumat sud ishida siyosiy sabablar mavjudligi haqidagi daʼvolarni qatʼiyan rad etgan. Aytilishicha, barcha choralar faqatgina Karimovaning jinoyatga aloqadorligi asosida amalga oshirilgan va uning siyosiy faoliyati bilan bogʻliq emas.

Shuningdek, 2022-yilda Shveysariya bilan hamkorlikda «Vision 2030» jamgʻarmasi tashkil etilib, unda qaytarilgan mablagʻlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq yoʻnaltirilayotgani maʼlum qilindi.

Bayonot yakunida Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga sodiqligini va BMT bilan hamkorlikka ochiqligini bildirdi. Hukumat, shuningdek, xalqaro tuzilmalarda oʻz obroʻsini himoya qilish boʻyicha keyingi choralarni koʻrishini ham taʼkidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gulnora Karimova tomonidan oʻzlashtirilgan $95 mln Oʻzbekistonga qaytarilgani haqida xabar bergan edi.